Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tezkor tadbirlar davomida Toshkent va Buxoro viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlarini aniqladi.

Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida maklerlik qiluvchi 2 nafar shaxs Ohangaron tumanidagi 96,6 gektar yaylov yerni mansabdor tanishlari orqali chorvachilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaro nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Ular buning evaziga 70 ming dollar olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Sotib yuborilishi kerak bo‘lgan yer qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan korxonaga 30 yil muddatga ijara huquqi asosida berilgan bo‘lgan. Tergovga qadar tekshiruv davomida maklerlar ushbu noqonuniy ishni Toshkent viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, shu’ba boshlig‘i hamda bosh mutaxassis lavozimlarida ishlovchi 3 nafar shaxs orqali hal qilmoqchi bo‘lganliklari aniqlanib, ular ham qo‘lga olindi.

Toshkent tumanida kuzatilgan holatda korxona rahbari hamda ishchisi muqaddam avtoturargoh va intensiv yong‘oqzor tashkil etish uchun 9 yilga ijaraga berilgan 50 sotix yerning 25 sotixini xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni reja qilgan. Fuqarolar buning evaziga 50 ming dollar olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Yana bir holatda Ohangaron tumanida yashovchi shaxs o‘z onasiga tegishli chorvachilik fermasiga muqaddam 49 yil muddatga ijaraga berilgan 20 gektar yerni tadbirkor nomiga rasmiylashtirib berish va uning 40 sotix qismida qurilish qilish uchun mansabdor tanishlari orqali ruxsat olib bermoqchi bo‘lgan. U buning uchun 100 ming dollar talab qilgan va oldindan 30 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushdi.

Bu yo‘nalishda Buxoro viloyatida ham qonun buzilishi holati aniqlandi. Xususan, Buxoro tumanidagi bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi rahbari muqaddam tuman hokimining tegishli qarori bilan ushbu xo‘jalikka 49 yil muddatga ijara huquqi asosida ajratib berilgan 5,3 gektar yer maydonini xaridorga 95 ming dollarga sotishga kelishgan. Bunda xo‘jalik rahbari oldindan 30 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.