O‘zbekistonda energiya resurslari narxlarini liberallashtirish va ularning iste’moliga ijtimoiy normalarni joriy etish rejalashtirilayotgani xaqida xabar bergandik. Unga ko‘ra, 1-maydan elektr energiyasi va gaz uchun to‘lovlar miqdori oshiriladi (2019-yil avgustidan buyon ilk marta). Shuningdek, energoresurslar iste’moli bo‘yicha ijtimoiy norma joriy etiladi.

AOKAda shu mavzu bo‘yicha bo‘lib o‘tgan brifingda Iqtisodiyot va moliya vazirligi departamenti direktori Xurshed Mustafayev tariflar oshirilayotganiga izoh berib, elektr energiyasi va tabiiy gaz tannarxiga to‘xtaldi.

U so‘nggi 5 yilda mamlakatda elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari aholi uchun o‘zgarishsiz qolganini eslatib, 2021-yilda koronavirus tufayli, 2022−2023-yillarda dunyodagi geosiyosiy ziddiyatlar tufayli iqtisodiy va moliyaviy noaniqliklar kuchayib borganini aytdi.

“Shuning uchun aholimizning daromadlari ko‘payib, to‘lov qobiliyatining yaxshilanishiga sharoit yaratib berildi. Lekin shu davrning o‘zida inflyatsiya darajasi 66 foizga oshdi. Shundan kelib chiqib, joriy yilning 1-mayidan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflarni qayta ko‘rish chiqib kerak bo‘lyapti. Elektr energisining tannarxini oladigan bo‘lsak, hozirgi kunda qariyb 1000 so‘mni, tabiiy gazniki esa qariyb 2000 so‘mni tashkil qiladi”, — dedi Xurshed Mustafayev.

Uning ta’kidlashicha, o‘z navbatida, ushbu xarajatlar korxonalarning operatsion xarajatlari, ya’ni investitsion loyihalari, kredit to‘lovi bilan bog‘liq xarajatlarini o‘z ichiga oladi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning sentabr oyida energetika vazirligi gaz va elektr energiyasi tannarxini e’lon qilgandi.

O‘shanda 1 kilovatt-soat elektr energiyasining tannarxi 970 so‘m ekani aytilgandi. Бир oyda o‘rtacha 200 kilovatt-soat elektr energiyasi iste’mol qilinganda ham, davlat amalda har bitta iste’molchi uchun 135 ming so‘mdan subsidiya ajratmoqda. Mamlakatdagi iste’molchilar soni esa 7,4 million xonadonni tashkil etadi.

1 kub metr gaz tannarxi esa 1890 so‘m ekani aytilgandi. Isitish mavsumida 750 kub metr gaz yoqadigan bitta oila o‘rtacha 1 million 132 ming so‘m subsidiya olmoqda. Ayni paytda mamlakatdagi gaz iste’molchilarining jami soni 4,1 million xonadonni tashkil qiladi.

2023-yilda O‘zbekistonda davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar miqdori 2 yil ichida 5 baravarga — 5,63 trln so‘mdan 29,25 trln so‘mga (2,5 mlrd dollar) oshdi. Uning 18 trln so‘mi gaz sotib olish va sotish o‘rtasidagi farqni qoplashga yo‘naltirilgan.

2024-yilda tariflarni oshirish hisobiga subsidiyalar miqdorini 9,5 trln so‘mgacha kamaytirish rejalashtirilgan. Shuningdek, elektr energiyasini sotib olish va sotish narxlari o‘rtasidagi farqni qoplash uchun 2,5 trln so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.