15-aprel, dushanba kuni Kiyevda O‘zbekiston-Ukraina biznes kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb yozdi mazkur kengash hamraisi, “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov.

Eslatib o‘tamiz, ushbu Kengash 2021-yilda O‘zbekiston va Ukraina Savdo-sanoat palatalari tomonidan tuzilgan. Undan ko‘zlangan maqsad ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Ukraina elchilari Alisher Kurmanov hamda Nikolay Doroshenko, Ukraina SSP rahbari Gennadiy Chijikov, shuningdek, Ukraina ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikdagi mavjud muammolarni qayd etib, ularni bartaraf etish choralarini belgilab oldi.

“Shunday muammolardan biri, misol uchun keltirsam, Ukrainaga O‘zbekistondan keladigan tekstil mahsulotlarining bojxona qiymati bizdan kelayotgan invoys va deklaratsiya asosida emas, balki qator xollarda ukrain bojxonasi belgilaydigan qimmatroq qiymatda qayd etilib, mahsulotlarimiz Ukraina bozoriga kirayotgan paytida yuqoriroq QQSga tortilyapti”, — deb yozadi Zafar Hoshimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muammo ukrainalik hamkorlar va rasmiylar e’tiboriga havola qilingan va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishga kelishib olingan.

Bundan tashqari, Ukrainaning urushdan jabr ko‘rgan bir qator ishlab chiqarish korxonalarini O‘zbekistonga relokatsiya qilish, shuningdek, kreativ iqtisodiyot (iqtisodiyotning asosiy qiymati intellektual faoliyat mahsulotlari bo‘lgan tarmog‘i) sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi Nikolay Doroshenko harbiy harakatlar tufayli O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasida 2022-yil boshiga kelib o‘sishni boshlagan tovar ayirboshlash yana pasayganini ma’lum qilgandi. 2023-yil oxirida u 320 million dollardan ortiqni tashkil etgan, 2021-yil oxirida esa bu ko‘rsatkich 747 million dollar bo‘lgan.

“Bu avvalgi hajmning yarmiga teng. Ammo savdo hali ham pozitsiyalarni bosqichma-bosqich qayta tiklash, o‘sish bilan davom etmoqda. Va bu dinamika davom etishiga chin dildan umid qilamiz”, — degandi diplomatik missiya rahbari.