16-aprel kuni Rossiya hududida qonuniy vakillari (ota-onalari) bo‘lmagan va yordamga muhtoj bolalar O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Elchixona Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari vakillari bilan birgalikda 17 nafar voyaga yetmagan bolani vatanga qaytarishda yordam ko‘rsatdi. Elchixona tomonidan ularga qaytish uchun bepul sertifikatlar berildi.

Qaytarilgan barcha bolalar yaqin qarindoshlariga yoki mamlakatdagi maxsus bolalar muassasalariga vasiylik qilish uchun topshiriladi, deyiladi xabarda.

Avvalroq O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik muassasalari vasiylari hamrohligida bo‘lmagan bolalarni hisobga olishi va ularni qaytarish choralarini ko‘rishi xabar qilingandi. Ularni qaytarish masalalari O‘zbekistonning xalqaro shartnomalari asosida hal etiladi.

2022-yilda chet elda ota-ona qaramog‘isiz qolib ketgan 43 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgan.