Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev mamlakatdagi suv toshqinlari fonida hukumatga budjet mablag‘larini tejash maqsadida imidj yaratish va boshqa yirik tadbirlarni o‘tkazishdan voz kechishni buyurdi, deb xabar bermoqda Akorda.

Avvalroq Toqayev iyun oyida Qozog‘iston poytaxtida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Ostona xalqaro forumini bekor qilgandi. U o‘z qarorini “keng ko‘lamli vayronagarchilik oqibatlarini bartaraf etish va mamlakat fuqarolariga yordam ko‘rsatish uchun moliyaviy resurslarni tejash zarurati” bilan izohlagandi.

“Men mablag‘ tejash uchun yirik xalqaro forumni bekor qildim. Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari xarajatlarini kamaytiramiz. Bunday hodisani bekor qilishga allaqachon kech bo‘ldi, lekin budjeti sezilarli darajada kamayadi. Bundan tashqari, mamlakatimizning Tokioda Butunjahon ko‘rgazmasini o‘tkazishi va ishtirok etishi uchun ajratiladigan budjet qisqartiriladi”, — dedi Toqayev 16-aprel kuni suv toshqinidan keyin evakuatsiya qilingan aholi bilan uchrashuvda.

U davlat jabrlanganlarga suv toshqini yetkazgan barcha zararni qoplab berishini va’da qildi. “Uylarini tiklash imkoni bo‘lmagan aholi uchun yangi uy-joylar qurilib, barcha zarur infratuzilma bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, jabrlanuvchilarga kredit va ssudalar bo‘yicha kechiktirishlar beriladi”, — deya qo‘shimcha qildi Toqayev.

Qozog‘istonda mart oyi oxirida yirik suv toshqinlari boshlangandi. Bu vaqt ichida 100 mingdan ortiq odam suv bosgan hududlardan olib chiqildi, mamlakatning o‘nta hududida favqulodda holat e’lon qilindi.

Toqayev bu toshqinlarni so‘nggi bir necha o‘n yilliklardagi eng yirigi deb atadi. “Ko‘p yillardan buyon kuzatilmagan tabiiy ofat yuz berdi. Ehtimol, bu so‘nggi 80 yil ichida yuz bergan ko‘lami va oqibatlari bo‘yicha eng katta ofatdir”, — dedi u xalqqa murojaatida.