Gaz va elektr energiyasi tariflari oshirilishi munosabati bilan 1-maydan boshlab O‘zbekistonda kam ta’minlangan oilalar va ayrim toifadagi iste’molchilarga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Bu haqda 16-aprel kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Farrux Pardayev AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz” muxbiri.

Xususan, birinchi bosqichda mamlakatda kambag‘allik chegarasini aniqlash uchun foydalaniladigan minimal iste’mol xarajatlari (MIX) ko‘rib chiqiladi va yangilanadi. Odatda kambag‘allik chegarasi yil boshida yangilanadi (2024-yil yanvarida bo‘lgani kabi — o‘shanda MIX bir kishi uchun 568 ming so‘mdan 621 ming so‘mga ko‘tarilgandi), lekin tariflar oshishi munosabati bilan MIX 1-maygacha yana bir marta oshiriladi. Natijada qariyb 1 million kishi uchun eng kam pensiya va nafaqa miqdorlari qayta ko‘rib chiqiladi — ular yangi kambag‘allik chegarasidan past bo‘lmaydi.

Ikkinchi bosqichda ehtiyojmand aholini isitish mavsumida (2024-yil noyabr) qo‘shimcha ijtimoiy himoya qilish uchun 270 ming so‘m miqdorida bir martalik kompensatsiya ajratiladi. Uni Ijtimoiy himoya yagona reyestri orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangan oilalar oladi.

Farrux Pardayev. Foto: Ijtimoiy himoya milliy agentligi.Farrux Pardayev. Foto: Ijtimoiy himoya milliy agentligi.

“Ushbu kompensatsiya orqali qariyb 1,5 millionga yaqin kam ta’minlangan oilaning ijtimoiy himoyasi ta’minlanadi. Shuningdek, ushbu kompensatsiya „mahalla yettiligi“ xulosasi asosida, reyestrga kiritilmagan qo‘shimcha 200 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalarga ham to‘lab beriladi. Bunda muhtoj oilalar ro‘yxati „mahalla yettiligi“ tomonidan uyma-uy yurgan holda shakllantiriladi”, — deydi Farruh Pardayev.

Uchinchi bosqichda, ya’ni isitish mavsumida kam ta’minlangan oilalarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning elektr va gaz bo‘yicha ijtimoiy me’yordan (250 kub metrgacha va bazaviy me’yordan 150 kVt/soat ortiq) oshgan xarajatlari qisman qoplab beriladi.

“Iste’mol uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda undan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilinadi. Ushbu kompensatsiyani olish uchun fuqarolar „Inson“ ijtimoiy xizmatlari markaziga murojaat qilishlari talab etiladi. Kompensatsiya to‘lovlari O‘zbekiston davlat budjeti mablag‘lari asosida, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan to‘lab beriladi”, — dedi u.

Farrux Pardayevning ma’lum qilishicha, umuman olganda, aholining 65 foizdan ortig‘i elektr energiyasi va tabiiy gazni ijtimoiy me’yor doirasida iste’mol qiladi.

“Ammo kuz-qish mavsumida isitishga talab yuqori bo‘lgani sababli aholining eng muhtoj qatlamlari ijtimoiy yordamga ko‘proq muhtoj bo‘lishi mumkin. Tahlillarga ko‘ra, oddiy holatda 85 foizdan ortiq kam ta’minlangan oilalar elektr energiyasini ijtimoiy me’yor doirasida iste’mol qiladi. Isitish mavsumida bu ko‘rsatkich 74 foizgacha tushib ketmoqda. Xuddi shunday, oddiy holatda 81 foiz kam ta’minlangan oilalar tabiiy gazni ijtimoiy me’yor doirasida iste’mol qilsa, isitish mavsumida bu ko‘rsatkich 71 foizga tushmoqda”, — dedi u.

Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari ushbu chora-tadbirlar orqali Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalarning 90 foizdan ortig‘ining ijtimoiy himoyasi ta’minlanishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-maydan elektr energiyasi va gaz uchun to‘lovlar miqdori oshiriladi (2019-yil avgustidan buyon ilk marta). Shuningdek, energoresurslar iste’moli bo‘yicha ijtimoiy norma joriy etiladi:

  • elektr energiyasiga — oyiga 200 kVt/soatgacha;
  • gaz (martdan-oktabrgacha) — 100 kub metrgacha;
  • gaz (noyabrdan-fevralgacha, ya’ni isitish mavsumida) — 500 kub metrgacha.