O‘zbekistonda energiya resurslari narxlarini liberallashtirish va ularning iste’moliga ijtimoiy normalarni joriy etish rejalashtirilmoqda.

Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov bugun AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganini ma’lum qildi. Qarorga muvofiq, yoqilg‘i-energetika resurslarining 2024−2025-yillarda bosqichma-bosqich o‘zgaradigan yangi narxlari hamda 2024-yil 1-maydan boshlab aholi uchun elektr-energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlandi.

1-maydan boshlab energoresurslar iste’moli uchun ijtimoiy norma quyidagicha:

  • elektr energiyasiga — oyiga 200 kVt/soatgacha;
  • gaz (martdan-oktabrgacha) — 100 kub metrgacha;
  • gaz (noyabrdan-fevralgacha, ya’ni isitish mavsumida) — 500 kub metrgacha.

Energiya iste’molining ijtimoiy normasi deganda aholi tomonidan sotib olishda imtiyozli tarif qo‘llaniladigan energiya tushuniladi. Ya’ni, energiya ma’lum bir me’yorgacha nisbatan past (imtiyozli) narxda sotiladi va bu me’yordan yuqori iste’mol uchun bozor narxlarida sotiladi.

Shu sanadan energoresurslar uchun narxlar oshadi.

Elektroenergiya

1-maydan boshlab elektr energiyasi narxi iste’molchiilarning I va II guruhlari uchun o‘zgarishsiz qoldirildi (1 kVt/soat uchun mos ravishda 1000 so‘m va 900 so‘m). Iste’molchilarning III guruhi, shu jumladan, markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar uchun 1 oydagi iste’moldan kelib chiqib oyiga:

  • 200 kVt/soatgacha bo‘lgan qismiga 225 so‘mdan,
  • 201 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha 450 so‘m,
  • 1001 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha 675 so‘m,
  • 5001 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha 787,5 so‘m,
  • 10 000 kVt/soat va undan yuqori iste’mol qilgan iste’molchilar uchun 900 so‘mdan etib belgilanmoqda.

Qolgan maishiy iste’molchilar (aholi) uchun esa bir oydagi iste’moldan kelib chiqib oyiga:

  • 200 kVt/soatgacha 450 so‘mdan,
  • 201 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha 900 so‘mdan,
  • 1001 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha 1350 so‘m,
  • 5000 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha 1575 so‘m,
  • 10 000 kVt/soat va undan ortiq iste’mol qiluvchilar uchun har bir kVt/soat uchun 1800 so‘m etib belgilanmoqda.

Iste’molchilarning VI guruhi uchun ham narxlar o‘zgarishsiz, ya’ni bir kVt/soat uchun 900 so‘mdan bo‘lib qoladi.

Tabiiy gaz

Noyabrdan fevralgacha, isitish mavsumida aholiga yetkazib beriladigan tabiiy gazning bir kubometri narxi

  • 500 kub metrgacha iste’mol uchun 380 so‘mdan 650 so‘mgacha,
  • 501 dan 2500 kub metrgacha 1500 so‘mdan,
  • 2 501 dan 5 000 kub metrgacha 1950 so‘mdan,
  • 5 001 dan 10 000 kub metrgacha 2275 so‘m,
  • 10 ming kub metrdan yuqori iste’mol uchun 2 600 so‘mdan etib belgilandi.

Mart-oktabr oylarida

  • 100 kub metrgacha gaz iste’moli uchun tariflar 650 so‘m,
  • 101 kub metrdan 2500 kub metrgacha 1500 so‘m,
  • 2501 kub metrdan 5000 kub metrgacha 1950 so‘m,
  • 5001 kub metrdan 10 ming kub metrgacha 2275 so‘m,
  • 10 ming kub metrdan ortiq iste’mol uchun 2600 so‘mdan etib beligilandi.

Hisoblagichlar yo‘q bo‘lganda ovqat tayyorlash va issiq suv ta’minoti uchun beriladigan gazning bir kub metri 660 so‘mdan 1200 so‘mgacha (+81,8 foiz), isitish uchun 380 so‘mdan 700 so‘mgacha (+84,2 foiz) oshadi.

Aholi uchun suyultirilgan gaz tarifi 1 kgga 1120 so‘mdan 1600 so‘mgacha (+42,8 foiz) oshadi.

1-iyundan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga (AGTKSH) yetkazib beriladigan gaz narxi 1500 so‘mdan 1800 so‘mgacha (+12%) oshadi.

Yana bir narx oshishi

2025-yil 1-apreldan tariflar yana oshadi. Markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar uchun tarif oyiga:

  • 200 kVt/soatgacha bo‘lgan ijtimoiy norma doirasida 225 so‘mdan 300 so‘mgacha oshadi;
  • 201 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha 500 so‘m;
  • 1000 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha 750 so‘m;
  • 5000 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha 875 so‘m;
  • 10 ming kVt/soatdan yuqori iste’mol uchun 1000 so‘m etib belgilanadi.

Boshqa maishiy iste’molchilar uchun 1 kVt/soat elektr energiyasining narxi oyiga:

  • 200 kVt/soatgacha iste’mol qilinganda 450 so‘mdan 600 so‘mgacha oshiriladi;
  • 201 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha 1000 so‘m;
  • 1000 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha 1500 so‘m;
  • 5 000 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha 1 750 so‘m,
  • 10 ming kVt/soatdan ortiq ortiq iste’mol uchun 2 000 so‘m bo‘ladi.

IV guruh iste’molchilari uchun elektr energiyasi narxi 900 so‘mdan 1000 so‘mgacha oshiriladi.

Shu sanadan boshlab barcha iste’molchilar uchun 1 kubometr gaz narxi 1800 so‘mgacha, AGTSHKlar uchun 2500 so‘mgacha, issiqlik elektr stansiyalari uchun 1800 so‘mgacha oshiriladi.

Noyabrdan fevralgacha davom etuvchi isitish mavsumida aholiga yetkazib beriladigan tabiiy gazning bir kubometri narxi gaz iste’moli:

  • 500 kub metrgacha bo‘lganda 650 so‘mdan 1000 so‘mgacha oshadi;
  • 500 dan 2500 kub metrgacha bo‘lganda 1800 so‘m;
  • 2500 dan 5000 kub metrgacha 2100 so‘m;
  • 5 000 dan 10 000 kub metrgacha 2500 so‘m;
  • 10 ming kub metrdan yuqori iste’mol uchun esa 3 000 so‘mdan bo‘ladi.

2025-yil 1-apreldan mart-oktabr oylaridagi iste’mol uchun tariflar:

  • 100 kub metrgacha gaz iste’mol qilinganda 650 so‘mdan 1000 so‘mgacha oshadi;
  • 101 kubometrdan 2500 kubometrgacha 1800 so‘m;
  • 2500 dan 5000 ming kubometrgacha 2100 so‘m;
  • 5000 dan 10000 kub metrgacha 2500 so‘m;
  • 10 ming kub metrdan yuqori bo‘lganda 3000 so‘m etib belgilanadi.

Aholi uchun suyultirilgan gaz tarifi 1 kg uchun 2000 so‘mgacha oshiriladi.

Tariflar liberalizatsiyasi

Oxirgi marta gaz va elektr energiyasi tariflari 2019-yil avgust oyida oshirilgandi. Shundan so‘ng rasmiylar tariflarni oshirishni bir necha marta keyingi qoldirdi. Oxirgi marta 2022-yil 1-iyuldan boshlab tariflarni oshirish rejasi keyingi surilgandi.

2023-yil 1-oktabrdan boshlab yirik korxonalar, budjet tashkilotlari, kompaniyalar va boshqa yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz narxlari oshirilgandi.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov O‘zbekiston energetika sohasidagi joriy narx siyosati kambag‘allarning qashshoqlashib, boylarning boyib yanada boyishiga olib kelayotganini ta’kidlagandi. U bozor narxlaridan past tariflarni qo‘llab-quvvatlash uchun energiya kompaniyalariga berilayotgan mlrdlab dollar subsidiyalar asosan boylarning foydasiga ishlayotganini aytgandi.

Bundan tashqari, past tariflar tufayli energetika kompaniyalari ko‘p mlrd dollarlik zarar ko‘rmoqda.

Iste’molchilarning guruhlarga ajratilishi

Elektr energiya iste’molchilar quyidagi guruhlarga bo‘linadi:

Barcha elektr energiyasi iste’molchilari to‘rt tarif guruhiga bo‘linadi (I, II, III va IV).

I tarif guruhiga ulangan quvvati 750 kVA va undan ortiq bo‘lgan, elektr energiyasi uchun tabaqalashtirilgan tarif bo‘yicha hisob-kitob qilinadigan iste’molchilar kiradi. budjet tashkilotlari, suv ta’minoti tashkilotlari, fermer xo‘jaliklari va suv iste’molchilari uyushmalarining nasos stansiyalari, shuningdek davlat budjetidan moliyalashtiriladigan nasos stansiyalari bundan mustasno.

II tarif guruhiga quyidagilar kiradi: elektr energiyasi uchun bir stavkali tarif bo‘yicha hisob-kitob qiladigan iste’molchilar, maishiy iste’molchilardan tashqari; “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibiga kiradigan, hududiy elektr ta’minoti korxonalari, shu jumladan hududiy elektr tarmoqlari korxonalaridan elektr quvvati oladigan korxona va tashkilotlarning, shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalarning ushbu korxonalar hududidan tashqarida alohida joylashgan obyektlarining xo‘jalik ehtiyojlari.

Bunda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibiga kiradigan hamda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan xo‘jalik ehtiyojlari uchun o‘ziga tegishli tarmoqlarda elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha foydalanilgan elektr energiyasi amaldagi tannarx bo‘yicha hisob-kitob qilinadi.

III tarif guruhiga maishiy iste’molchilar kiradi. Ushbu tarif guruhi bo‘yicha aholi tomonidan turmush ehtiyojlari uchun uy-joylarda, xonadonlarda, yotoqxonalarda, yordamchi xo‘jaliklarda, shaxsiy foydalaniladigan tomorqa bog‘ obyektlarida, shu jumladan bog‘ shirkatlari va dala hovlilar sug‘orish nasoslari, shaxsiy avtomashinalar uchun garajlarda sarflanadigan elektr energiyasi haqi tok qabul qilgichlarning quvvati hamda hisobga olish asboblarining o‘rnatilgan joyidan qat’iy nazar, to‘lanadi.

Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uy-joylar va yotoqxonalarda yashaydigan maishiy iste’molchilar tomonidan foydalaniladigan elektr energiyasi haqi ushbu tarif guruhiga kiradigan amaldagi tarifning 50 foizi miqdorida to‘lanadi.

Bunda ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uy-joylar va yotoqxonalarda yashaydigan elektr energiyasi iste’molchilari mazkur bandning ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan tarif bo‘yicha haq to‘laydi. Ushbu uylar va yotoqxonalarni elektr tarmoqlariga ulash bo‘yicha texnik shartlarda avval boshidan mazkur elektr plitalarining quvvati hisobga olingan, elektr qurilmalarni (transformatorlar, kuch kabellari, taqsimlash shitlari, kommutatsiya apparatlari, elektr uzatkichlar va boshqalarni) loyihalashtirish va montaj qilish ularning texnik shartlarda ko‘rsatilgan quvvat hisobga olingan holda amalga oshiriladi.

budjet tashkilotlaridan tashqari elektr energiyasidan binolarni elektr bilan isitish, issiq suv ta’minoti va ovqat tayyorlash maqsadida foydalanadigan I va II tarif guruhlari iste’molchilari tomonidan sarflanadigan elektr energiyasi hajmining haqi IV tarif guruhi bo‘yicha to‘lanadi.

Elektr energiyasidan aholiga elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida foydalanuvchi idoraviy va munitsipial uy-joy fondi, yuridik shaxslar yotoqxonalari, diniy tashkilotlar va oilaviy korxonalar, shuningdek, elektr energiyasidan aholi ehtiyojlari uchun foydalanadigan lokal qozonxonalarga maishiy iste’molchilarga belgilangan tarif qo‘llaniladi.