Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi “O‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir umumiy o‘rta ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi loyihani jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Buyruqqa vaqtincha xorijiy davlatga chiqish tushunchasi kiritilgan va unga tavsif berilgan. Unga ko‘ra, vaqtincha xorijiy davlatga chiqish — ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar davolanish, sayoxat qilish, qisqa muddatli malaka oshirish yoki boshqa maqsadlarda farzandini o‘zlari bilan xorijiy davlatga vaqtincha chiqishini anglatadi.

Loyihaga ko‘ra, buyruqqa 26−1 bandi qo‘shilmoqda. Taklif etilayotgan bandda ota-onalar farzandi bilan birga qaysi xorijiy davlatga ketish sabablarini va xorijda qolish muddatini ko‘rsatgan holda maktab direktori nomiga ariza bilan (o‘quv yili davomida) murojaat etishi belgilanmoqda.

Ariza maktab direktori tomonidan (direktor bo‘lmagan vaqtda, direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi) bir ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, o‘quvchi vaqtincha xorijiy davlatga ketayotganligi haqida hamda sinf rahbari va fan o‘qituvchilarini xabardor qilish to‘g‘risida buyruq qabul qilinadi.

Maktab direktori quyidagi holatlarda o‘quvchining ota-onalarini, yashash joyidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisini, tegishli tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limini va Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasini yozma ravishda ogohlantiradi va uni dars mashg‘ulotlariga jalb etish choralarini ko‘radi:

  • xorijiy davlatga vaqtincha chiqib ketgan o‘quvchilar xorijda bo‘lish muddati uzaytirilganligi to‘g‘risida bir hafta muddatda maktabni xabardor qilmasdan dars mashg‘ulotlariga qatnashmagan o‘quvchilar;
  • mazkur nizomning 26−1-bandiga rioya qilmasdan xorijiy davlatga ketgan o‘quvchilar haqida.

Maktab direktori har yili 25-mayga qadar o‘quv yili davomida maktabni xabardor qilmasdan xorijiy davlatga chiqib ketib kamida uch oydan ortiq muddatda uzluksiz dars mashg‘ulotlariga qatnashmagan (o‘quv yili yakunlanishidan oldin darsga qatnashgan o‘quvchilar bundan mustasno) o‘quvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasiga kiritadi.

Loyihaga ko‘ra, mazkur o‘quvchilar Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasi roziligi bilan o‘quvchilar safidan chiqariladi.

Loyiha tushuntirish xatida qayd etilishicha, buyruq O‘zbekiston prezidenti huzurida 2024-yil 26-yanvar kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarida o‘qitish sifatini yaxshilashga oid taqdimot davomida berilgan topshiriqlar bo‘yicha 7-son bayoni va Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq muvofiq ishlab chiqilgan.

Buyruqning maqsadi xorijiy davlatga maktabni ogohlantirmasdan yoki vaqtincha chiqib ketib qaytib kelmagan va uzrli sababsiz muntazam dars mashg‘ulotlariga qatnashmagan o‘quvchilar bilan ishlash tizimini samarali amalga oshirishga zarur shart-sharoit yaratishdan iborat, deyiladi xatda.