Huquq-tartibot idoralari “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayevning akasi Shuxrat Qudratullayevni qo‘lga oldi. Bu ma’lumotni Ichki ishlar bosh boshqarmasi “Gazeta.uz"ga tasdiqladi.

Keltirilishicha, u Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bilan gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb etilgan. Avvalroq, 1966-yilda tug‘ilgan Shuxrat Qudratullayev qidiruvga berilgandi.

U bilan birga yana ikki kishi — 1964-yilda tug‘ilgan Husan Isomiddinov hamda 1988-yilda tug‘ilgan Feruz Vapayevga nisbatan ham qidiruvga berilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bo‘ylab huquq-tartibot idoralari tomonidan “ko‘cha bollari” va jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazildi. Tezkor chora-tadbirlar jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qaratilgani aytilgandi.

3-dekabr kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlari “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev va u bilan yaqin jinoiy aloqasi bo‘lgani qayd etilgan Doston Xalilovni ushladi.

Undan so‘ng, “Baxti Tashkentskiy"ning o‘g‘li va qator gumonlanuvchilar tergovga jalb qilinib, ushlandi.

Shuningdek, “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan mashhur Saidaziz Saydaliyevni qo‘lga olindi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, u va yana bir necha kishi tovlamachilik ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida hibsga olingan. Ma’lum qilinishicha, ular pul evaziga odamlarni qarzini undirib bergan.

Shuningdek, “Salimboy” va “Salimboyvachcha” nomlari bilan tanilgan 73 yoshli tadbirkor Salim Abduvaliyev protsessual tartibda ushlandi. Unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini tanlangan. Jinoyat ishining ayblovi o‘zgartirilib, yanada og‘irroq jazo nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, Toshkentda avval ham “kriminal avtoritet” sifatida qamalgan Abbosxon Xodjayev qo‘lga olindi.