O‘zbekistondagi eng yirik “Gazli” yerosti gaz omboriga egalik qiluvchi Gazli Gas Storage qo‘shma korxonasi ta’sischisi o‘zgardi. “Gazeta.uz” bu 2024-yilning birinchi choragida investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarorida qayd etilganiga e’tibor qaratdi.

Gazli gaz ombori 2018-yil oktabr oyida tashkil etilgan. O‘sha yilning may oyida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida “O‘zbekneftgaz” va Rossiyaning “Forus” kompaniyasi (2017-yilda ro‘yxatdan o‘tgan) o‘rtasida kelishuvga erishilgandi.

60 foiz nazorat paketiga (40 foizi “O‘zbekneftgaz” va “O‘ztransgaz”ga tegishli) egalik qilgan “Forus” o‘z ulushini Gonkongning Daxon Holdings Limited kompaniyasiga topshirdi, biroq 2019-yil iyul oyida ro‘yxatdan o‘tgan bu kompaniya haqida internetda deyarli hech qanday ma’lumot yo‘q. Xususan, kompaniyaning profili, ta’sischilari va neft-gaz sohasidagi tajribasi bo‘yicha ma’lumot mavjud emas. Shu kabi nomlarga ega bo‘lgan kompaniyalarni Kipr va Buyuk Britaniyadan ham topish mumkin.

Gazli Gas Storage loyihasi haqida

“Gazli” gaz ombori O‘zbekiston gaz transporti tizimining qoq markazida — Qozog‘iston, Turkmaniston, Rossiya va Xitoyga yo‘nalgan quvurlar chorrahasida joylashgan.

Gazli Gas Storage qo‘shma korxonasi bosh muhandisi Muxammad Saidazimov avvalroq loyihaning birinchi bosqichida — 2020-yildan 2025-yil oxirigacha — konlarni aniqlash natijasida “Gazli” omboridagi gaz saqlash hajmini ikki barobarga — 3 dan 6 milliard kub metrgacha oshirish rejalashtirilgani haqida ma’lum qilgandi.

Ikkinchi bosqichda qayta ishlash va gaz omborini kengaytirish hisobiga gaz sig‘imini 10 mlrd kub metrga yetkazish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 850 mln dollarga baholangan.

Investitsiya dasturiga ko‘ra, loyihaning birinchi bosqichi qiymati 558 mln dollarga baholanayotgan bo‘lib, shundan 268,7 mln dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisoblanadi. Loyiha doirasida Gazli gaz va neft konlarida yakuniy bosqichda foydalanish uchun qo‘shimcha geologik qidiruv ishlarini olib borish ham rejalashtirilgan. Yiliga qo‘shimcha 1,1 mlrd kub metr gaz va 114 ming tonna neft qazib olish rejalashtirilmoqda.

2025-yilga borib, budjetga soliq to‘lovlari hajmi yiliga 580 mlrd so‘m daromad darajasida 60 mlrd so‘mga yetishi kutilmoqda. Loyihaning ishlab chiqarish quvvati kuniga 28−30 mln kub metr gazni tashkil qiladi.

Loyiha haqida savollar

2017-yilda Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekneftgaz”ga gaz omborining saqlash hajmini 3 barobardan ko‘proqqa — 3 mlrd kubometrdan 10 mlrd kub metrgacha oshirish bo‘yicha taklif tayyorlash topshirig‘ini bergandi. O‘shanda loyihaning umumiy qiymati 1 mlrd dollarga baholangan.

2019-yil noyabr oyida prezident tashabbusi bilan tuzilgan ishchi guruh tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasining neft-gaz sanoati holati to‘g‘risida”gi hisobotda (“Gazeta.uz”da mavjud, mualliflardan biri tahririyatga hujjat haqiqiyligini tasdiqlagan) Gazli yerosti gaz ombori hajmini oshirish nima uchun kerakligi loyihaning texnik-iqtisodiy asosida tushuntirilmagani qayd etilgan. Hujjatga ko‘ra, ishlar boshlangunga qadar ham omborning to‘lganlik darajasi 55 foizni tashkil etgan, xolos. Shuningdek, hujjatda mamlakatda gaz taqchilligi va qazib olishning qisqarishi kuzatilayotgani aytiladi.

Hisobotda “Forus” kompaniyasi tanqidiy jumlalar bilan eslangan: “„Forus“ AJning kelib chiqishi, uning faoliyati va ustav kapitali miqdori (10 ming rubl yoki 155 dollar) shubhali, u tashkil etilganidan beri moliyaviy faoliyat bilan shug‘ullanmagan (ikki yil davomida mablag‘lar oqimi 3000 rubl yoki 46 dollar), bunday loyihalarni amalga oshirish tajribasi yo‘q. „Forus“ AJ to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish o‘rniga Gazli Gas Storage QK majburiyatlari asosida 850 mln dollar miqdorida kredit olishni rejalashtirmoqda”.

Bundan tashqari, hujjatda loyihaning moliyaviy ko‘rsatkichlari o‘ta qoniqarsiz (RR — 5 foiz), salbiy NPV va yuqori kapital xarajatlari xarajatlarni sinchkovlik bilan o‘rganish va asoslashni talab qilishi ta’kidlangan.

“„Forus“ AJ ushbu aktivga egalik qilish bilan tabiiy gazni qazib olish uchun kompaniyalarni mustaqil tanlash va ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun tariflarni mustaqil belgilash orqali mamlakatning tabiiy gazni saqlash bo‘yicha energiya balansiga ta’sir ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi”, — deya ogohlantirgan hisobot mualliflari.

2023-yil avgust oyida “Dose” markazi o‘z surishtiruvida “Forus”ning egalaridan biri biznesmen Gennadiy Timchenkoning (2022-yil mart oyida YeI sanksiyalariga uchragan) biznes sherigi Ivan Yegorov bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Jurnalistlar gaz konini rivojlantirish loyihasini quyidagi tarzda moliyalashtirilishi mumkinligini taxmin qilishgan: Gazli Gas Storage pulni “Forus”dan, “Forus” Yegorovdan, Yegorov esa Timchenkoga yaqin tuzilmalar tomonidan moliyalashtiriladigan “Vesta” kompaniyasidan oladi.

O‘tgan yilning 7-oktabridan O‘zbekiston UzGasTrade va “Gazprom” tuzgan kelishuviga ko‘ra, Qozog‘iston orqali Rossiya gazini olishni boshladi. Shartnoma yiliga 2,8 mlrd kub metr (kuniga 9 mln kub metrgacha) gaz yetkazib berishni nazarda tutadi.

2024-yilning birinchi choragi uchun investitsiya dasturiga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati “shimoldan” gaz importi hajmini oshirish uchun magistral gaz tizimini 500 mln dollarga modernizatsiya qilmoqchi. Yetkazib berish hajmini kuniga 32 mln kub metrga yetkazish rejalashtirilgan.