Navoiy shahridagi 2-maktabda o‘g‘il bola o‘quvchilar sport zaliga olib kirilib, sochlari ommaviy ravishda kaltalandi, deb yozmoqda Kun.uz o‘z manbasiga tayanib.

Nashrning yozishicha, maktab direktori Nurqobil Yusupov sartaroshni taklif qilib, turli sinfdagi yigitlarni yig‘ib, sochlarini kestirgan. Materialga ilova qilingan suratda davomatni tekshirish uchun maktablarga tayinlangan Milliy gvardiya xodimlari tomonidan jarayon kuzatib borilayotganini ko‘rish mumkin.

Navoiy viloyati maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitovaning aytishicha, bunday xatti-harakatlarni hech qanday tarzda oqlab bo‘lmaydi.

“Maktabga hozir odam jo‘natdim. O‘zi kecha gaplashgandim shu maktab direktori bilan. Ushbu maktab faoliyatini to‘liq o‘rganamiz. Bu holat umuman mumkin emas. Bunday direktor ishda qolishi ham mumkin emas aslida. Maktabda o‘quvchining sochiga tegishga [hech kimning] umuman haqqi yo‘q. Pedagogning etika qoidasiga to‘g‘ri kelmaydi bu”, — dedi boshqarma boshlig‘i.

Milliy gvardiyaning Navoiy viloyati boshqarmasi matbuot kotibi Ramazon Kubayevning aytishicha, Milliy gvardiya xodimlari maktab direktorining bu tashabbusiga qarshi chiqqan.

“Biriktirilgan xodimlarimiz davomat nazorati uchun maktabga borganida ushbu holatning ustidan chiqishgan. Bu, albatta, mumkin emas. Shu sababli maktab direktoriga jarayonni to‘xtatishni hamda o‘quvchilarni darsga qaytarishni aytishgan”, — dedi u.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova “Gazeta.uz”ga bergan izohida holatni “mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan”, deya atadi.

“Bunday harakatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Birinchi navbatda, o‘qituvchining bunday harakati umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining odob-axloq qoidalariga zid. Muhimi esa, bolaning shaxsiy daxlsizlik erkinligiga hamda uning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga tahdid soladi. Mazkur harakatga yo‘l qo‘ygan maktab direktoriga nisbatan tegishli chora ko‘rilishi zarur. Hozirda bu kabi nomaqbul holatlarning boshqa ta’lim muassasalarida ham kelgusida yuzaga kelmasligi bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda”, — dedi bolalar ombudsmani.

O‘zbekiston maktablarida o‘quvchilarning tashqi qiyofasini haddan tashqari tizimlashtirishga urinishlar muntazam sodir bo‘lmoqda. Goh bolalarning sochlari uzunligi yoki paypoqlarining kaltaligi o‘lchansa, goh soch turmagi uchun ularga tanbeh beriladi. Bundan tashqari, maktabga krossovka kiyib borishni taqiqlashga ham harakat qilib ko‘rishgan.

Shu bilan bir paytda, Kembrij universiteti tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, maktab formasi bolalarning, ayniqsa, kichik sinflarda o‘qiydigan qizlarning harakatchanligini cheklashi mumkin. Olimlar buni yubka yoki ko‘ylakda faol o‘yinlarda qatnashish qizlar uchun noqulay ekani bilan bog‘laydi. Ular maktab formasi majburiy bo‘lgan mamlakatlarda bolalar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) kuniga 60 daqiqalik tavsiyasidan kamroq harakat qilishini aniqlagan.