16-yanvar, seshanba kuni Rossiyaning Samara viloyatining Stavropol tumanida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, unda vafot etganlar bor, deb xabar berdi viloyat prokuraturasi.

O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyatiga tegishli davlat raqami bo‘lgan Lada Largus va M-5 Ural trassasida “Gazel” yuk mashinasi to‘qnashdi.

Lada Largus`da yetti kishi bo‘lgan. Samara Online portali manbaga tayanib, ularning barchasi O‘zbekiston fuqarolari ekanligiga aniqlik kiritdi. Hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, to‘rt nafar yo‘lovchi kasalxonaga yotqizilgan. Rossiya huquq-tartibot idoralari halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari bor-yo‘qligi haqida hozircha ma’lumot bermagan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Largus haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi bo‘lakka chiqib ketgan va “Gazel” bilan to‘qnashgan. Prokuratura yo‘lning mazkur qismida yo‘l qoplamasi holatini ham o‘rganmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 11-yanvar kuni Penza viloyatida O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida halokatli YTH sodir bo‘lgan edi. Yetti kishi, jumladan haydovchi voqea joyida, yana bir jabrlanuvchi reanimatsiyada vafot etgan. Jarohatlanganlardan biri shifoxonada qolmoqda. Barcha halok bo‘lganlarning jasadlari o‘tgan dam olish kunlari O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Harbiy-havo kuchlarining harbiy-transport samolyoti bilan Urganchga keltirildi.