Toshkent havosidagi PM2,5 miqdori JSST tavsiyalaridan 18,7 baravarga oshdi

Chorshanba kuni ertalab soat 8:00 holatiga ko‘ra, Toshkent havosidagi PM2,5 zarralari miqdori 67,5 mkg/m3 ni tashkil etdi. Bu JSST tavsiyasidan 18,7 baravar yuqori. Soat 4:00 da “O‘zgidromet” hududida bu ko‘rsatkich 87,5 mkg/m3 ni tashkil qildi.

Yaponiyadagi zilzila oqibatida 60 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Asosiy ma’lumotlar

Yaponiyaning Ishikava prefekturasida yuz bergan 7,6 magnitudali zilzila oqibatida kamida 64 kishi halok bo‘ldi. Qo‘shni hududlarda ham vayronagarchiliklar qayd etilgan. Davom etayotgan zilzilalar qutqaruv ishlariga to‘sqinlik qilmoqda. Foto.

Hafta davomida havo iliq bo‘ladi, juma kuni yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda

O‘zbekistonda hafta davomida havo iliq bo‘ladi. Harorat kunduzi +8…+15, kechasi 0…+5 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Tuman tushib, shamol kuchayishi, juma kuni ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

2023-yilda inflyatsiya 8,77 foizni tashkil qildi. O‘zbekistonda o‘tgan yil davomida narxlar qanday o‘zgardi?

2023-yil yakuniga ko‘ra O‘zbekistonda 8,77 foizli inflyatsiya qayd etildi, bu 2016-yildan beri eng past ko‘rsatkich sanaladi. Yil davomida guruch 38,7%, go‘sht 9,3%, sut 13,3%, tuxum 11,7%, shakar 11% ga qimmatladi. Benzin narxi 19,1%, propan narxi esa 29,4% ga oshdi.

Toshkent hokimiyati Fitch agentligi reytingini qaytarmoqchi

Toshkent hokimiyati Fitch xalqaro reyting agentligining shahar reytingini aniqlash jarayonidagi ishtirokini tiklash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Avvalroq Fitch shahar reytingini qaytarib olgandi.

Toshkent viloyatidagi avtobus va mikroavtobuslarda yo‘lkira narxi oshdi

Toshkent viloyatida yo‘lovchilarni tashish xizmatlari bo‘yicha yangi tariflar belgilandi. Endilikda avtobuslardan foydalanganlik uchun 1500 so‘m, yo‘nalishli taksi (mikroavtobus)lar uchun 2000 so‘m to‘lanadi.

Ai-80 benzini bahorda qimmatlaydi. 1-apreldan benzin, dizel yonilg‘isi va gazga nisbatan aksiz solig‘i oshiriladi

O‘zbekistonda 1-apreldan Ai-80 benziniga nisbatan aksiz solig‘i stavkasi 12 foizga, Ai-91 va undan yuqori benzin uchun o‘zgarishsiz qoladi. Qaror zararli gazlarning aholi salomatligiga salbiy ta’sirini kamaytirish bilan izohlandi, biroq aksiz solig‘i ekologik toza yonilg‘i turlariga nisbatan ham oshiriladi.

Daraxt kesish holatlari davom etayotgani sabab Toshkent ekologiya boshqarmasi vakolatlari vaqtincha cheklandi

Poytaxtda moratoriy talablariga to‘liq rioya etilmayotgani va daraxt kesish holatlari davom etayotgani sabab Ekologiya vazirligi Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi rahbar va xodimlariga xizmat tekshiruvi tayinladi. Shuningdek, 1-fevralgacha boshqarma vakolatlari cheklandi.

Qoraqalpog‘istonda ichimlik va oqova suvi narxi oshdi

Qoraqalpog‘istonda 1 metr kub ichimlik suvi narxi aholi uchun 2900 so‘m, budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun 5700 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, oqova suvi narxi ham oshdi.

Mahalla raisining vakolat muddatini uzaytirish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda mahalla raislarining vakolat muddatini 3 yildan 5 yilgacha uzaytirish reja qilinmoqda. “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunda “mahalla yettiligi”ning o‘zaro hamkorlikda ishlash mexanizmlari hamda ularning kollegial mas’uliyati aniq belgilab beriladi.

O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasiga yangi rahbar tayinlandi

O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsuli etib Sherzod Abdunazarov tayinlandi. Avvalroq bu lavozimda ishlagan Amirsaid A’zamxo‘jayev O‘zbekistonning Polshadagi elchisi etib tayinlangandi.

Bir qator amaldorlar xususiy kompaniyalar ta’sischilari va boshqaruvchilari ro‘yxatidan chiqdi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mansabdor shaxslar o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvi holatlari bartaraf etilganini xabar qildi. Ular orasida ikki nafar hokim, vazir o‘rinbosari, Farmatsevtika agentligi, Antidoping markazi, Markaziy depozitariy, PR-markaz va Axborotlashuv markazi rahbarlari bor.

IT-Med tugatilmoqda, Raqamli sog‘liqni saqlash platformasi bilan UZINFOCOM shug‘ullanadi

Sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish bilan shug‘ullangan IT-Med davlat muassasasi tugatilmoqda, uning Raqamli sog‘liqni saqlash platformasini yaratish bo‘yicha majburiyatlari UZINFOCOM yagona integratoriga o‘tkazilmoqda. Sohaga oid asosiy axborot tizimlarini ishga tushirish 2024−2025-yillarga mo‘ljallanmoqda.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan maxsus materillar:

Foto: 1-yanvar tongidagi Toshkent

Uyqudagi hovlilar va mushaklarning yerda sochilib yotgan pachoq qadoqlari, qariyb yo‘lovchisiz jamoat transporti, tong oftobida tovlanayotgan kimsasiz ko‘cha va maydonlar. “Gazeta.uz” muxbiri Iskandar Mirzahmedov Toshkent 2024-yilning ilk tongini fotosuratlarga muhrladi.

Test: Toshkentdagi tuman hokimliklarining binolarini taniysizmi?

Toshkentni qanchalik yaxshi bilasiz? Masalan, Toshkentdagi har bir tuman hokimligini binosiga qarab ajrata olasizmi? “Gazeta.uz”ning navbatdagi testi — shu haqda.