Yuridik shaxs tashkil etmagan oilaviy tadbirkorlik subyektlari endilikda uch nafar ishchi o‘rniga besh nafargacha doimiy ishchi qabul qilishi va ular bilan mehnat shartnomasi tuzishi mumkin."Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishni Shavkat Mirziyoyev 27-dekabr kuni imzoladi.

Bundan tashqari, bir oilaviy korxona ishtirokchisiga bir vaqtning o‘zida boshqa oilaviy korxona ishtirokchisi bo‘lish huquqi beriladi.

Oilaviy tadbirkorlik, qonunga ko‘ra, oila a’zolari tomonidan tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olish maqsadida amalga oshiriladigan tashabbuskorlik faoliyatidir. Oilaviy tadbirkorlik yuridik shaxs tashkil etgan yoki tashkil etmagan holda amalga oshirilishi mumkin.