Tojikiston parlamenti mamlakat Jinoyat kodeksiga voyaga yetmaganlarga nisbatan uyatsiz-buzuq xatti-harakatlar sodir etganlik uchun jazoni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritishni ma’qulladi, deya xabar berdi ASIA-Plus.

Prezident Imomali Rahmon o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonunni 13-noyabr kuni imzoladi.

Nashrning qayd etishicha, o‘zgartirishlar Jinoyat kodeksining 142-moddasi (uyatsiz-buzuq harakatlar)ga tegishli bo‘lib, u uchinchi qism bilan to‘ldirilgan. Unda, xususan, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan uyatsiz zo‘ravonlik harakatlarini sodir etganlik uchun jazo nazarda tutilgan. Bu muayyan lavozimlarni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan umrbod mahrum qilib, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

ASIA-Plus`ning qo‘shimcha qilishicha, Tojikistonda voyaga yetmaganlarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar yoki zo‘rlash bilan bog‘liq jinoyatlar “juda kam” fosh etiladi. Buning sababi, jabrlanuvchilarning yaqinlari an’anaviy tojik jamiyatida jabrlanuvchi va uning ota-onasi “ijtimoiy izolyatsiya”ga tushib qolishidan qochish uchun bunday faktlarni yashiradi, deya ta’kidlaydi nashr.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy xarakterdagi 49 ta zo‘ravonlik harakati sodir etilgani qayd etilgan. 2021-yilda 57 ta holat qayd etilgan.