Farg‘ona viloyatida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi 1 milliard so‘mdan ziyod tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi, deb xabar bermoqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati.

Inspeksiyaning Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va gaz ta’minoti korxonasi xodimlari hamkorligida nazorat tadbiri o‘tkazilgan. Unda Farg‘ona tumanida faoliyat yuritayotgan “SNG.G.S.” MCHJga qarashli AGTKSH tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘lgan.

Xususan, o‘rganish davomida ushbu shoxobchaning gaz hisoblagichiga tashqi ta’sir ko‘rsatilgani aniqlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori jami 1 milliard 136 million so‘mni tashkil etgan.

Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilingan.