Ispaniyaning World2Fly aviakompaniyasi Madridni Toshkent va Urganch bilan charter reyslar orqali bog‘lashni boshlaydi, deb xabar berdi Uzbekistan Airports.

Qayd etilishicha, Madrid-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ilk yo‘lovchi reysi 23-mayga belgilangan.

Toshkent-Madrid-Toshkent va Urganch-Madrid-Urganch yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar har ikki haftada bir marta amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Parvozlar Airbus A330−300 samolyotlarida amalga oshiriladi.

Charter reyslar iyun oyi oxirigacha davom etadi va 2024-yilning sentabridan oktabriga qadar qayta tiklanadi.

World2Fly — 2020-yilda tashkil etilgan va shtab-kvartirasi Palma-de-Malorkada (Ispaniya) joylashgan ispan aviakompaniyasi.