25-noyabrdan boshlab Toshkent metrosining “Texnopark” (Do‘stlik-2) va “Yashnobod” (2-bekat) bekatlari ish rejimi soat 06:00 dan 22:00 ga qadar tashkil etiladi, deya xabar bermoqda metropoliten matbuot xizmati.

Bu “Yerusti halqa yo‘li” yo‘nalishining II bosqichidagi Quruvchilar dahasidan Sergeli mavzesigacha bo‘lgan “Turon” (13-bekat) va “Qipchoq” (14-bekat) metro bekatlarini ishga tushirish maqsadida yo‘nalishdagi boshqa mavjud bekatlar bilan texnik jihatdan o‘zaro bog‘lash ishlarini tashkillashtirish bilan bog‘liq, deya tushuntirdi kompaniya.

Xabarda rejim yana o‘z holiga qaytish sanasiga aniqlik kiritilmagan.

Shuningdek, “Tuzel” (3-bekatidan) “Quruvchilar” (12-bekat) bekatigacha bo‘lgan bekatlar oralig‘ida ish rejimi o‘zgarmagan holda 05:00 dan 23:00 ga qadar tashkil etiladi.

Soat 05:00 dan 06:00 gacha va 22:00 dan 23:00 gacha “Tuzel"-"Quruvchilar” bekatlari oralig‘ida bir tomonlama (chelnok) poyezdlar harakati tashkil etiladi, deyiladi xabarda.