Prezidentning 30-oktabrdagi [PQ-349 sonli] qarori bilan ayrim hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Unga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan Milliy gvardiya Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyiga O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan xotin-qizlar ham qabul qilinadi. Shu vaqtgacha mazkur muassasaga faqat erkaklar o‘qishga qabul qilinardi.

“Temurbeklar maktablari”ga qabul va o‘qitish 2020/2021 o‘quv yilidan boshlangan. Unga umumta’lim maktablarning 9-sinfini tamomlaganlik to‘g‘risidagi shahodatnomaga ega, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra o‘qishga yaroqli deb topilgan hamda haqqoniy va shaffoflik tamoyillariga asoslangan saralash tanlovidan muvaffaqiyatli o‘tganlar o‘qishga qabul qilinadi.

“Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga harbiy ta’lim muassasalarga o‘qishga hujjat topshirsa, to‘plagan baliga 30 foiz, boshqa oddiy OTMlarga topshirsa 15 foiz miqdorda qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2023/2024 o‘quv yilida OTMga kirish imtihonlarida ayrim abituriyentlar maksimal 189 ball to‘plaganiga qaramasdan, “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga berilgan imtiyoz sabab kontrakt asosida o‘qishga kirgani muhokamalarga sabab bo‘ldi. Faollar bunday imtiyozni “o‘ta adolatsiz” deb atadi. Imtiyozlilar sabab “kontrakt”ga kirgan 5 talaba prezident grantida o‘qiydigan bo‘ldi. “Temurbeklar maktabi”ning kvotalarini esa alohidalashtirish ustida ish olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, qaror bilan Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi Bolalar psixologiyasi markazi ishchi va xizmatchilarining lavozim maoshlari oshiriladi.

Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi mablag‘lari hisobidan Milliy gvardiya bo‘linmalari va harbiy qismlarining obyektlariga quyosh fotoelektr stansiyalari va quyosh suv isitish qurilmalari bosqichma-bosqich o‘rnatiladi.