O‘zbekistonning yangi loukoster aviakompaniyasi Humo Air 25-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan ilk matbuot anjumanida rivojlanish rejalarini taqdim etdi, deb xabar qildi uning vakillari “Gazeta.uz”ga.

O‘zbekistonda boshlangan faoliyatning birinchi kvartalida loukoster 1000 dan ortiq reyslarni amalga oshirish va 200 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.

Humo Air yil oxirigacha uchta Airbus samolyotini olishi kutilmoqda, shunday qilib, aviakompaniya 2024-yil boshiga qadar to‘rtta Airbus 320/321 layneriga ega bo‘ladi. 2025-yil oxiriga kelib, loukoster o‘z parkini 18 ta samolyotga yetkazishni rejalashtirmoqda.

“Humo Air O‘zbekistonda ichki turizmni rivojlantirishga intiladi. Avvalo, aviakompaniya odamlarga imkon qadar ko‘proq birga bo‘lish imkoniyatini berishga harakat qiladi”, — deya ta’kidladi aviatashuvchi vakillari.

Shu tariqa Humo Air aviakompaniyasi Samarqand, Buxoro, Qarshi, Nukus, Urganch va Termizga har kuni muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yadi. Aviakompaniya ta’kidlaganidek, O‘zbekiston ichidagi yo‘nalishlarga chiptalar narxi 155 ming so‘mdan boshlanadi. Aviakompaniya veb-saytida chiptalarni bron qilish imkoni bo‘lmasa-da, bunday imkoniyat “yaqin kunlarda” paydo bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Kelgusi yilda aviakompaniya xalqaro yo‘nalishlar: Olmaota, Istanbul va Dubayga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Humo Air samolyotlarida biznes-klass bo‘lmaydi, faqat ekonom klass, o‘rindiqlar joylashuvi esa imkon qadar ixcham bo‘ladi. Bagaj tashish, ovqatlanish, o‘rindiq tanlash va qo‘l yuki og‘irligini oshirish kabi barcha asosiy xizmatlar uchun haq olinadi.

Humo Air`ning asosiy strategik hamkori Shveysariyaning Valleyroad Capital sarmoyaviy kompaniyasiga aylandi. “Humo Air va Valleyroad Capital umumiy maqsadlarga ega va O‘zbekistonda noyob aviakompaniya yaratish istagida”, — dedi aviakompaniya bosh direktori Rene Gsponer.

Humo Air haqida

Humo Air “Maxsus aviatsiya ishlari bo‘yicha aviakompaniya” DUK mulki negizida 2020-yilda tashkil etilgan. Humo Air ustav kapitaliga 43 dona An-2 havo kemasi (“kukuruzniklar”), havo kema dvigatellari, parvoz simulyatorlari va boshqa mulklar o‘tkazilgan.

Spot nashrining yozishicha, yangi aviatashuvchi asosiy e’tiborni qisqa ichki yo‘nalishlarga va turizmni rivojlantirishga qaratishi kerak edi. Uning ixcham samolyotlari Uzbekistan Airways aviakompaniyasi laynerlariga arzonroq muqobil sifatida ko‘rilgandi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi Humo Air buyurtmachilaridan biri bo‘ldi. Aviakompaniya 2021-yilning kuzida So‘x anklaviga ham reyslarni yo‘lga qo‘ygan. Biroq kompaniyaning asosiy daromad manbai qishloq xo‘jaligi yerlarini qayta ishlash bo‘lib qolmoqda, deb yozgan nashr.

2023-yil yanvarida Shveysariyaning Valleyroad Capital xususiy investitsiya kompaniyasi Humo Air`ni 2,4 million dollarga sotib olgandi.