O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlarini kafolatlangan xarid qilish muddati 2024-yil 1-yanvardan amaldagi 3 yildan 10 yilga uzaytirildi. Bu prezidentning 12-oktabrdagi qarorida nazarda tutilgan.

Gap mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan kafolatli xarid qilish mexanizmi haqida bormoqda. Bundan tashqari, 2022-yildagi avvalgi farmonning ushbu bandi klinik sinovlar, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va sertifikatlashtirish jarayonlarining ijobiy natijalari mavjudligi talabi bilan to‘ldiriladi.

Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha komissiya tomonidan avval respublika hududida ishlab chiqarilmagan, istiqbolda mahalliylashtiriladigan substansiyalar, dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomlari (bunday nom bo‘lmagan taqdirda, mansub dori vositalari guruh nomlari), tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ro‘yxati tasdiqlaydi. Ilgari ushbu ro‘yxat Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan shakllantirilar edi.

Ushbu ro‘yxat davlat xaridlari bo‘yicha maxsus portalga joylashtirilishi va muntazam yangilanib turishi kerak.

Kafolatli xarid shartnomalarini imzolash uchun g‘oliblar ochiq tanlovlar orqali aniqlanadi, ularda Sog‘liqni saqlash vazirligi davlat buyurtmachisi va benefitsiar egasi hisoblanadi.

Dori-darmonlarni davlat tomonidan kafolatli xarid qilish masalasi birinchi marta 2021-yil sentabrida muhokama qilingan. Gap ofset shartnomalari — qarshi investitsiya majburiyatlari bilan uzoq muddatli yetkazib berish shartnomalari haqida ketmoqda. Ya’ni investor mamlakatda yangi ishlab chiqarish obyektini ochadi va mamlakat uning mahsulotini bir necha yil sotib olishiga kafolat beradi. Dastlab 5 yillik muddat ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, yakunda 3 yillik muddat belgilandi.

Prezident 2022-yil aprel oyida mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan 120 turdagi xaridorgir dori vositalarini uch yil muddatga kafolatli xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuzish to‘g‘risida topshiriq bergan edi. O‘shanda bu dorilar xorijdan 300 million dollarga sotib olingan. Birinchi bosqichda kafolatlangan xaridlar uchun budjetdan 300 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilgan edi.