Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari fuqarolarni o‘qishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq qator noqonuniy holatlarga chek qo‘ydi, deya xabar bermoqda departament matbuot xizmati.

Xususan, muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan N.M. fuqarolar X.A., D.J. va G‘.J.ning farzandlarini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida Toshkent tibbiyot akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytgan. Buning uchun 8 ming dollar va 43,5 mln so‘m olgan.

Samarqand shahrida Sh. S. fuqaro M.I.ni tanishlari yordamida Toshkent shahridagi Renessans nomli xususiy oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 2 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Surxondaryo viloyatida M.E. fuqaro N.N.ga Rossiya yoki Tojikiston davlatlaridagi oliy o‘quv yurtida o‘qiganligi haqida hujjatlar rasmiylashtirib berish orqali Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytgan. Evaziga 8 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.