Shavkat Mirziyoyev Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida jami 71 ta medal bilan umumiy hisobda 5-o‘rinni egallagan O‘zbekiston terma jamoasiga tabrik yo‘llab, bu ko‘p millatli xalqni cheksiz quvontirganini ma’lum qildi.

Sportchilar kurash, dzyudo, boks, yengil atletika, badiiy gimnastika bo‘yicha tengsiz, taekvondo, velosport, og‘ir atletika, futbol musobaqalarida esa yetakchilar safida, dedi davlat rahbari.

“Osiyo qit’asining 45 ta davlatidan 11 ming nafar sportchi ishtirok etgan bu musobaqalarda milliy terma jamoamiz a’zolari o‘zlarining beqiyos mahorati, g‘ayrat va matonatini, g‘alabaga bo‘lgan yuksak intilish va irodasini namoyon etib, 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza medalini qo‘lga kiritganlari har qanday tahsinga sazovordir. Oltin medallar 31 nafar sportchimiz tomonidan qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, ularning teng yarmi qizlarimiz hissasiga to‘g‘ri kelganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidlashni o‘rinli deb bilaman”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

132 nafar vakil jami 71 ta medalni qo‘lga kiritib, o‘tgan Osiyo o‘yinlariga nisbatan rekord natijani qayd etgani ham alohida ta’kidlab o‘tildi.

O‘zbekiston terma jamoasi musobaqada Xitoy Xalq Respublikasi, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin faxrli beshinchi o‘rinni egalladi. Tarkib, ayniqsa, Xitoy Taypeyi, Bahrayn, Shimoliy Koreya, Gonkong, Eron, Indoneziya, Qozog‘iston, Qatar, Singapur, Malayziya, Vetnam, Kuvayt kabi sport sohasida rivojlangan davlatlarni ortda qoldirdi, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlarini voyaga yetkazish, jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish maqsadida olib borayotgan keng ko‘lamli islohotlarimizning yana bir amaliy natijasi sifatida barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi, millionlab tengdoshlaringiz uchun o‘rnak va namuna bo‘lib xizmat qiladi. Fursatdan foydalanib, sizlar kabi salohiyatli, irodasi mustahkam, el-yurtga sadoqatli yoshlarni tarbiyalab kamolga yetkazgan mehribon ota-onalaringizga, sizlar bilan yonma-yon turib, yuksak cho‘qqilarni zabt etishingizga munosib hissa qo‘shgan mohir va jonkuyar ustoz-murabbiylaringizga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan chin dildan tashakkur izhor etaman. Yirik xalqaro sport bellashuvi — Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritgan tarixiy natijalaringiz bilan sizlarni yana bir bor samimiy qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatingizda yangi-yangi zafarlar, oilalaringizga baxtu saodat tilayman, dedi prezident.

Davlat rahbari ushbu natija O‘zbekiston sporti tarixida yana bir yorqin sahifa ochganini ta’kidladi.

Tabrikda prezident O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan qir qator sportchilar, xususan, Bahodir Jalolov, Jalgasbay Berdimuratov, Ulug‘bek Rashitov, Hasanboy Do‘smatov, Abdumalik Xalakov, Diyora Keldiyorova, Taxmina Ikromova, Sevinch Rahimova, Vilana Savadyan, Evelina Atalyans, Sharifa Davronova, Safina Sa’dullayeva, Muzaffar To‘raboyev, Olga Zabelinskaya, Shohmurod Xolmurodov, Nurislom To‘xtasin o‘g‘li, Umid Esonov, Artyom Shturbabin, Hilola Ortiqboyeva, Muhsin Hisomiddinov, Zaynab Dayibekova, Pliyego Lara Mariya Paola, Xerrera Lara Luiza Fernanda, Guliston Perdebayeva, Anna Prakaten, Shehroz Hakimov, Dilshodjon Xudoyberdiyev, Davirjon Davronov, Alisher Turdiyev, Murodjon Yo‘ldoshev va boshqa sportchilarning nodir iste’dodi, mahorati va qobiliyatiga barcha sport muxlislari yana bir bor tan berganini bildirdi. O‘zbek qilichbozlik sportining iftixoriga aylangan Zaynab Dayibekova sablya jamoa dasturida Osiyo qit’asida tengsizligini, Anvar Klevleyev esa slalomda eshkak eshish bellashuvida aksariyat raqiblaridan kuchli ekanini amalda namoyon etgani alohida tilga olindi.

O‘z navbatida, 2024-yil Parijda bo‘lib o‘tadigan 33-olimpiya o‘yinlarida ham yuksak cho‘qqilarni zabt etishingizga ishonaman, dedi davlat rahbari.

Qonunchilikka ko‘ra, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan sportchilar, ularni tayyorlagan murabbiylar va boshqa mutaxassislar qo‘shimcha ravishda pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘yinlarning yopilish marosimida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etdi.

Foto: Bosh vazir matbuot xizmatiFoto: Bosh vazir matbuot xizmati