O‘zbekiston Madaniyat vazirligi davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan madaniyat va san’at namoyandalari haqidagi portal zarurligini asoslashga urindi.

Madaniyat vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan madaniyat va san’at sohasi vakillari, ularning ijodiy faoliyati to‘g‘risida aholiga ishonchli ma’lumotlarni yetkaza oladigan yagona ochiq axborot tizimi mavjud emas.

“Ikkinchidan, aholimizning to‘y, marosim va boshqa tadbirlarga o‘zlari ma’qul ko‘rgan san’atkor, ijodkor yoki ijodiy jamoalarni taklif qilish istagi bo‘lsa-da, ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontakt o‘rnatish, bog‘lanish yoki reja qilingan kuni ularning vaqti, imkoniyatini bilish qiyinchilik tug‘dirib keladi. Ya’ni san’atkor va muxlis o‘rtasida integratsion maydon mavjud emas”, — deyiladi xabarda.

Vazirlikning ta’kidlashicha, yaratilayotgan portal ensiklopedik xususiyatga ega bo‘lib, faqat 10 nafar san’atkornigina emas, balki mamlakatda ijod qilayotgan barcha madaniyat va san’at sohasi vakillari — xonanda-sozanda, aktyor-aktrisa, rejissyor, shoir-yozuvchi, so‘z ustalari, raqs san’ati, tasviriy va amaliy san’at vakillari, askiyachilar, baxshi, jirov, oqinlar, sirk artistlari, folklor jamoalari, ashula va raqs ansambllari, estrada guruhlari, orkestr va xor jamoalari, teatr jamoalari to‘g‘risidagi aniq va ishonchli ma’lumotlar bilan to‘ldiriladi.

Mazkur onlayn tizim elektron hukumatning markazlashgan platformasi; san’atkorlarning litsenziyasi bor yoki yo‘qligini tekshirishga ko‘maklashuvchi Adliya vazirligining “Litsenziya” axborot tizimi hamda foydalanuvchilarga san’at va madaniyat vakillari ijodiga baho berish, sharh qoldirish imkoniyatini beradigan “Imkon Uzbekistan” NNTning “commeta sharh” onlayn platformasi bilan integratsiya qilinadi.

Madaniyat vazirligi xabariga ko‘ra, portal orqali madaniyat va san’at vakillarini davlat mukofotlariga tavsiya etishda shaffoflikni ta’minlash, jumladan, “Reyting baholash” quyi tizimi orqali keng jamoatchilikning sharh va kommentlarini hisobga olish, ijodkorlar faoliyatini adolatli sarhisob qilish, umumiy baholarni avtomatik ravishda hisoblab borish reja qilingan.

“Yuqoridagi zarurat va ehtiyojlardan kelib chiqib, yagona ochiq axborot tizimini yaratish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur portalni ishlab chiqish xarajatlari esa ko‘p funksiyali va katta ma’lumotlar bazasini o‘zi ichiga qamrab oluvchi yangi tizimning murakkab texnik vazifalarini hisobga olgan holda belgilangan”, — deya ta’kidladi Madaniyat vazirligi.

Avvalroq “Gazeta.uz” madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov davlat mukofoti olgan san’atkorlar haqidagi portal uchun qariyb 500 mln so‘m ajratish haqida buyruq imzolagani, unga san’atkorlarning ma’lumotlari kiritilishi haqida xabar bergandi. May oyida madaniyat markazlari veb-saytini yaratish uchun 530 mln so‘m ajratilgan, lekin sayt ishlamayapti.