Shavkat Mirziyoyev “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi rivojlantirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni tasdiqladi. Farmon Lex.uz'da e’lon qilindi.

Farmon bilan markaz hududida faoliyat yurituvchi O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan tadbirkorlik subyektlariga Afg‘oniston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun tasdiqnoma olmasdan mehnat shartnomalari asosida ishga qabul qilishga ruxsat beriladi.

Afg‘oniston va Pokiston fuqarolariga savdo do‘konlari, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan bino va inshootlarni ijaraga olish, shuningdek, istisno tariqasida, mulk huquqi bilan sotib olish huquqi beriladi. Bunda yer uchastkasiga bo‘lgan huquq qonunchilikda belgilangan tartibda ijara huquqi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, ulgurji va chakana savdoda to‘lov vositasi sifatida, istisno tariqasida, o‘zbek so‘mi bilan bir vaqtda AQSh dollari, Rossiya rubli, yevro, yuan valyutalarini qabul qilishga ruxsat beriladi. Bunda qabul qilingan naqd xorijiy valyuta Markazda tashkil etilgan tijorat banklari filiallari orqali Markazda faoliyat yuritadigan yuridik shaxslarning hisobvaraqlariga o‘tkaziladi;

Markaz hududida tashkil etiladigan zamonaviy tibbiyot klinikasida Afg‘oniston fuqarolariga tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi hamda ushbu klinikada davolash imkoni bo‘lmagan og‘ir turdagi kasalliklarga chalingan bemorlarga respublika hududida joylashgan davlat va nodavlat tibbiyot muassasalarida davolanish uchun tibbiy kirish vizalari olish uchun yo‘llanma beriladi.

O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar markaz hududiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida nazorat-o‘tkazish punktlarida belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilgandan so‘ng kiritiladi hamda ularga markaz hududida tashkil etilgan barcha xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kirish vizasini rasmiylashtirmasdan, chegara va bojxona nazoratidan o‘tgan holda maxsus yo‘lak orqali kirishi (chiqishi) hamda o‘n besh kun muddatgacha markaz hududida bo‘lishi tartibi joriy etiladi.

Savdo do‘konlari, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan bino va inshootlarni olgan, shuningdek, shartnoma asosida ishlash, ta’lim muassasalarida o‘qish, bank filiallarida faoliyat yuritish, savdo-sotiq va boshqa faoliyat turi bilan shug‘ullanish maqsadida tashrif buyurayotgan mamlakatda o‘n besh kundan ortiq muddat bo‘lishni rejalashtirgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekistonga kirish vizasini rasmiylashtirgan holda kirib kelishlari talab etiladi.

Yangi tartibga muvofiq markaz hududida:

  • sotib olingan tovarlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish (Tax free) qoidalari qo‘llanmaydi; xarid qilingan tovarlar O‘zbekiston Respublikasi hududiga belgilangan tartibda bojxona to‘lovlari to‘langandan so‘ng olib kiriladi. Bunda bojsiz olib kirish normalari tatbiq etilmaydi;
  • joylashgan obyektlarni boshqarish, ekspluatatsiya qilish, ijaraga berish va sotish “Termez International Trade Centre” MCHJ tomonidan amalga oshiriladi;
  • jamoat tartibini saqlash, sodir etilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha surishtiruv va tergov tadbirlarini o‘tkazish qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda “Surxon sanoat ta’minot” MCHJning quyidagi takliflari ma’qullanadi:

  • Markaz hududidagi bino va inshootlarni mulkiy majmua sifatida “Termez International Trade Centre” MCHJga sotish;
  • “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi direksiyasi davlat unitar korxonasini belgilangan tartibda tugatish.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, Surxondaryo viloyati hokimligi va “Termez International Trade Centre” MCHJning Surxondaryo viloyati hokimligiga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Termiz xalqaro savdo markazi obyektlari qurilishiga ajratilgan 20 mln AQSh dollari miqdoridagi kredit mablag‘larini qaytarish majburiyatini “Termez International Trade Centre” MCHJga o‘tkazish hamda kreditning to‘lov muddatini 2028-yil 31-dekabrga qadar uzaytiriladi.

Markaz hududida biznes maktabini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Afg‘onistonning Mozori Sharif shahridan markaz hududigacha (95 km) ekspress avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yiladi.