Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan “Hizb at-tahrir al-islomiy” diniy ekstremistik oqimining faol a’zosi qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Oltiariq tumanida yashovchi fuqaro A.A. Rossiyada ishlab yurgan vaqtida “islom diniga qiziqishi tufayli” internet orqali turli ma’ruzalarni eshitgan. Xususan, u “Hizb at-tahrir al-islomiy” diniy terroristik tashkiloti tarafdorlarining video- va audio materiallarini eshitib, ularning ta’sirida ekstremistik g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlab kelgan.

A.A. Telegram orqali oqim tarafdori M.A. bilan aloqa qilib, yozishmalar olib borgan. “Hizb at-tahrir al-islomiy” diniy ekstremistik oqimiga a’zo bo‘lib, ularning kitoblaridan virtual ta’lim olgan. “Hizbiy halqa”da virtual tarzda olgan diniy saboqlari sabab aqidaparastlikka berilib, uning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan, deyiladi xabarda.

Mazkur diniy tashkilotga sodiqlik qasamyodini qabul qilgan hamda oylik daromadidan a’zolik badali to‘lab kelgan. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda diniy oqimning g‘oyalarini faol targ‘ib qilgan.

Fuqaro Oltiariq tumaniga qaytib kelgach, Telegram`da turli guruhlarni tashkil qilgan hamda o‘zining tanishlarining profillarini bu guruhga qo‘shgan. A.A. aqidaparastlik g‘oyalaridan saboq berib kelgan. Shuningdek, faoliyatini davom ettirib, bir necha shaxslarni ham guruhiga jalb etgan hamda diniy oqimning materiallarini tarqatgan, deyiladi sud xabarida.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida A.A.ning ishlari fosh bo‘lgan. Uning telefonidan olingan ashyoviy dalillar diniy oqimning materiallari ekani o‘z tasdig‘ini topgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bag‘dod tumani sudining hukmiga ko‘ra, u 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Avvalroq Toshkent viloyatida Telegram orqali aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tarqatib kelgan yigitning ozodligi 4 yilga cheklangandi.