Bishkekda Qirg‘izistondagi taniqli kriminal avtoritet Kamchi Kolbayev (Qamchibek Asanbek) maxsus operatsiya davomida o‘ldirildi, deya xabar qildi 24.kg mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga (MXDQ) tayanib.

Maxsus operatsiya 4-oktabr kuni tushdan keyin shahar markazidagi restoranlardan birida o‘tkazildi. MXDQ ma’lumotlariga ko‘ra, Kolbayev qurolli qarshilik ko‘rsatgan va javob o‘qidan o‘ldirilgan.

“Shifokorlar K. Asanbekning o‘q jarohatlaridan voqea joyida vafot etganini tasdiqladi, MXDQ xodimlari va fuqarolar orasida qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q”, — deya aniqlik kiritdi idora.

Voqea yuzasidan MXDQ tomonidan “Uyushgan jinoiy guruh tuzish”, “Qonunga xilof qurol-yarog‘ muomalasi” va “Odam o‘ldirishga urinish” moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

MXDQ bayonotiga ko‘ra, Kolbayevni “tadbirkorlarning o‘ta yirik miqdordagi mol-mulklariga noqonuniy ega chiqish faktlari bo‘yicha uyushgan jinoiy guruhning faol a’zolari va yetakchilari”ga nisbatan jinoyat ishini tergov qilish doirasida qo‘lga olishga harakat qilishgan.

Qirg‘iziston MXDQ 2020-yil oktabr oyida Kolbayevni jinoiy guruh tuzishda gumonlab hibsga olgan, biroq keyinroq tilxat bilan bilan qo‘yib yuborilgan. 2023-yil avgustida tergov da’vo muddati tugagani sababli yopilgani ma’lum bo‘ldi.

Kolbayev AQSh hukumati tomonidan ham qidiruvga berilgan. Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Kolbayev 2000-yilda ikki kishini o‘ldirish va qotillikka urinishda ayblanib, 25 yilga qamalgan, biroq u olti yildan so‘ng qamoqdan qochib ketgan. 2007-yilda Amerika tashqi siyosat mahkamasi uni Qirg‘izistondagi “eng kuchli jinoiy guruh rahbari” deb atagan. 2008-yilda Kolbayev, Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Moskvada rasman “qonundagi o‘g‘ri” unvoniga sazovor bo‘lgan.

2011-yilda AQShning sobiq prezidenti Barak Obama ma’muriyati Kolbayevni yirik xorijiy giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchilar sanksiya ro‘yxatiga kiritgan, keyingi yili esa mamlakat Moliya vazirligi uni “Bratskiy krug” (Brothers' Circle) jinoiy sindikati sherigi sifatida tan olgan. Kolbayevning jinoiy tarmog‘ini yo‘q qilish yoki uning hibsga olinishiga olib keladigan ma’lumot uchun 5 mln dollar mukofot taklif qilingan.