2023-yilda Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurashda erishilgan yutuqlar uchun global mukofotning topshirish marosimi o‘tkaziladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.

Mukofot Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy tomonidan ta’sis etilgan. Uning navbatdagi tantanali topshirish marosimi 2023-yilning oxirida Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Marosimda Qatar davlatining rahbariyati ham ishtirok etishi kutilmoqda.

“Ushbu mukofotni topshirishning tantanali marosimi Toshkentda o‘tkazilishi oxirgi yillarda prezidentimiz tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishida olib borilayotgan katta ishlar va umuman islohotlarining jahon hamjamiyati tomonidan katta e’tirofi timsoli desak ham bo‘ladi”, — dedi Sherzod Asadov.

Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy global mukofoti

Mukofot har yili Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kunida (9-dekabr) korrupsiyaga qarshi global kampaniyaga hissa qo‘shgan shaxslar va tashkilotlarni e’tirof etish hamda minnatdorchilik belgisi sifatida topshiriladi.

Uning asosiy maqsadi mazkur yo‘nalishda global miqyosda namunali va e’tiborga molik harakatlar, ilg‘or amaliyotlarni qo‘llab-quvvatlaydigan vosita bo‘lib xizmat qilish, butun dunyo bo‘ylab korrupsiyaga qarshi kurash modellarini tan olish, targ‘ib qilish, to‘plash va tarqatish, sohada xabardorlik va birdamlikni oshirish, shuningdek, korrupsiyadan xoli jamiyat sari yangi tashabbuslarni rag‘batlantirishdan iborat.

Mukofot ilmiy tadqiqot, ta’lim, yoshlar ijodkorligi, sportni korrupsiyadan himoyalash, innovatsiya va surishtiruv jurnalistikasi kabi bir necha nominatsiyalarda taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Transparency International tashkilotining 2022-yil uchun korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston 14 pog‘onaga ko‘tarilib, 180 mamlakat ichida 126-o‘rinni egallagan. Qatar esa 40-o‘rinni egallagan (2021-yildagidan 5 pog‘ona past).