Tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha Nobel mukofoti Pensilvaniya universitetidan (AQSh) Dryu Vaysman va Katalin Karikoga berildi, ularning ishlari koronavirusga qarshi mRNA vaksinalarini yaratishga uchun asos bo‘lgandi. Bu haqda 2-oktabr kuni mukofotni topshiruvchi Stokgolmdagi Qirollik Karolinska tibbiy-jarrohlik instituti xabar berdi.

Mukofot “COVID-19 ga qarshi samarali mRNA vaksinalarini ishlab chiqishga imkon bergan nukleozid asoslari modifikatsiyalariga oid kashfiyotlar” uchun berildi. Kariko va Vaysmanning kashfiyoti 2020-yil oxirida millionlab odamlarning hayotini saqlab qolgan va ko‘plab odamlarning og‘ir kasallanishining oldini olgan mRNA`ga asoslangan ikkita muvaffaqiyatli kovid vaksinasi ishlab chiqilishiga olib keldi, deyiladi Nobel qo‘mitasi bayonotida.

“Ikki Nobel mukofoti sovrindorining kashfiyotlari 2020-yil boshida boshlangan pandemiya davrida COVID-19 ga qarshi samarali mRNA vaksinalarini ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. O‘zlarining mRNA`ning immun tizimimiz bilan o‘zaro ta’siri haqidagi tushunchamizni tubdan o‘zgartirgan kashfiyotlari bilan mukofotlanganlar zamonimizning inson salomatligi uchun eng katta tahdidlardan biri davrida misli ko‘rilmagan tezlikda vaksinani ishlab chiqilishiga o‘z hissalarini qo‘shdi”, — deyiladi bayonotda.

Dryu Vaysman va Katalin Kariko. Foto: Peggy Peterson Photography/Penn Medicine.Dryu Vaysman va Katalin Kariko. Foto: Peggy Peterson Photography/Penn Medicine.

Kariko va Vaysman mRNA sintezi texnologiyasini yaratdi (matritsali ribonuklein kislotasi, vaksinalar yaratilishi haqida “Gazeta.uz” alohida maqolada ma’lumot bergandi). Ma’lum bo‘lishicha, inson tanasiga belgilangan xususiyatlarga ega mRNA kiritilganda, hujayralar boshqa narsalar qatorida patogenlarga antitanachalar ishlab chiqarish qobiliyatiga ham ega bo‘ladi. Bu kashfiyot tufayli BioNTech, Pfizer va Moderna o‘zlarining koronavirusga qarshi vaksinalarini yaratishga muvaffaq bo‘lishdi, deb yozadi Forbes.

Tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha mukofot Nobel haftaligini ochib beradi. 3-oktabr kuni fizika, 4-oktabrda kimyo, 5-oktabrda adabiyot, 6-oktabrda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari nomi e’lon qilinadi. 9-oktabr kuni esa 1968-yilda Shvetsiya Davlat banki tomonidan ta’sis etilgan iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori nomi ma’lum bo‘ladi.

2022-yilda shved biologi, neandertallar tadqiqotchisi va odamlarning yangi turini kashf etgan Svante Paabo yo‘q bo‘lib ketgan gominidlar genomi va inson evolyutsiyasi sohasidagi kashfiyotlari uchun tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritdi.

2021-yilda inson tanasiga harorat va teginishni sezish imkonini beruvchi retseptorlarni kashf etgani uchun amerikalik tadqiqotchilar Devid Julius va Ardem Pataputyan tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha Nobel mukofotini olgan.