O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda vazirlikning Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Yo‘ldoshev 3-oktabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

“Tegishli vazirliklar bilan kelishgan holda hozirda qaror loyihasi hukumatda turibdi. O‘zgarishlarning hammasini sanab o‘tmayman, bitta-ikkitasini sanab o‘taman. Masalan, chet eldan kelayotgan fuqarolar uchun qulayliklar yaratilmoqda. Ularning SIM-kartasi 30 kunda (IMEI-kodi ro‘yxatdan o‘tkazilmasa) o‘chib qolardi, o‘sha muddat uzaytirilyapti”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Face ID texnologiyasi orqali IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatini yaratish ham rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil noyabrida raqamli texnologiyalar vaziri (o‘sha paytda AT va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri) Sherzod Shermatov mobil telefonlarni IMEI orqali ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini soddalashtirishga chaqirgan edi.

IMEI ro‘yxatga olish tizimi haqida

O‘zbekistonda 2019-yilning aprelidan buyon mobil qurilmalarni IMEI orqali majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi ishlamoqda. Uni amalga oshirish uchun Amerikaning Delta Telecom International kompaniyasi O‘zbekistonda Axborot texnologiyalari markazi qo‘shma korxonasini tashkil etdi. Delta Telecom kompaniyasining korxonadagi ulushi 51 foizni tashkil etdi, yuqorida qayd etilgan markaz vakili bo‘lgan O‘zbekiston tomoni 49 foizga ega.

2019-yil 1-dekabrdan buyon tizim pulli hisoblanadi. Tizimning joriy etilishi ro‘yxatga olish mexanizmining murakkab tashkil qilingani va buning uchun pul to‘lash zarurati tufayli darhol aholining noroziligiga sabab bo‘ldi.

2020-yil fevral oyida jamoaviy petitsiya portalida IMEI ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovini bekor qilish to‘g‘risida petitsiya paydo bo‘ldi. Qonunchilik palatasi qo‘mitasi ushbu masalani o‘rganish boshlanganini e’lon qildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, qo‘mita Vazirlar Mahkamasining (847 va 778-son) qarorlari bilan tasdiqlangan qoidalar asosida IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyotini davom ettirishni “maqsadli va asosli” deb topdi. Qonunchilik palatasi hukumatga hisobotda qayd etilgan taklif va kamchiliklarni inobatga olib, tizimni takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishni tavsiya qildi.

Boshqalarning pasport ma’lumotlaridan foydalangan holda IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq mojarodan so‘ng (bu ko‘plab aholiga o‘z qurilmalarini o‘z nomiga ro‘yxatdan o‘tkazishga to‘sqinlik qildi), 2020-yilda tizim operatori ro‘yxatdan o‘tish tartibini o‘zgartirdi.