O‘tgan hafta oxirida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi 4 ta harfning yangi shakli loyihasi e’lon qilindi. U “shu paytga qadar ko‘p murakkabliklarni yuzaga keltirayotgan harflar isloh qilinishi”ni ko‘zda tutishi ta’kidlandi. Loyihada O‘ o‘ ni Õ õ ga, G‘ g‘ ni Ğ ğ ga, Sh sh ni Ş ş ga va Ch ch ni C c ga o‘zgartirish ko‘zda tutilgan.

Taklif etilayotgan yangi alifbo. Unda harflar tartibi ham o‘zgarganini ko‘rish mumkin.Taklif etilayotgan yangi alifbo. Unda harflar tartibi ham o‘zgarganini ko‘rish mumkin.

“Gazeta.uz” ushbu loyihani jamoatchilik qanday kutib olgani aks etgan misollarni taqdim etadi.

“Shuncha kechikkanimiz kammi?”

Iqtisodchi Otabek Bakirov muhokamalarni birinchilardan bo‘lib boshlab berdi. “Dunyoda alifbo borasida biz kabi arosat (baxtsiz degim kelmadi) millat bo‘lmasa kerak”, deya ta’kidlagan iqtisodining fikriga ko‘ra, bu o‘zgarish endi budjetga yuklama, iqtisodiy xarajat bo‘ladi, degan fikrlar safsata.

“30 yildagi arosat alifbodan, ikki alifboda ish yuritishdan yutqazig‘imizni birov hisoblab ko‘rdimi?” deya savol qo‘ydi bloger.

“Kecha shu o‘zgarishlar e’lon qilinishi bilan do‘stlarimizdan biri Hamza Foziljonov Isajon Sultonning „Genetik“ romanini taklif etilayotgan qolipga solib ko‘rdi. 100 betlik roman 95 betga jo bo‘lgan. Ko‘rayapsizmi, 5 foiz iqtisod qilinmoqda. Bu nafaqat qog‘oz, eng qimmat narsa vaqt ham. Shu emasmi iqtisod qilish?” — deb yozadi Bakirov.

“Bu — hammamizga kerakli o‘zgarish”

Jurnalist Ilyos Safarovning yozishicha, “bugun olimlarimizning, til jonkuyarlarining boshi birikdi, fikri bir joydan chiqdi va shu xatoni bizga to‘g‘rilab berishmoqchi”.

“Keling, ishni egalariga, professionallariga ishonaylik. Bu yerda poraxo‘rlik yo‘q, bu yerda tanish-bilishchilik yo‘q, bu yerda manfaat, bu yerda amaldorlik yo‘q. Bu yerda olimlik, ziyolilik bor. Ishoning, o‘zgartirishlarda sizni qiziqtirayotgan barcha savol, qulaylik, noqulaylik hisobga olingan. O‘zi o‘tgan yillar davomida bu masalada gaplashilmagan gap qolmadi hisob. Kechagi konferensiyada ham hammasi yana bir bor qaytarildi, gaplashib olindi”, — deb yozadi u.

Jurnalist endi navbat uni odamlarga tushuntirish, asoslashga ekanini ta’kidladi. “Xavotir olmang, hammasi shunchaki qabul bo‘lib ketmaydi, asoslantiriladi, o‘rgatiladi… o‘zim ham ana shu o‘zgarishlar haqida katta bir dastur tayyorlayapman”, — deya qayd etgan Ilyos Safarov.

t.me/haqiqatdaIlyost.me/haqiqatdaIlyos

U, shuningdek, alifboning o‘zgartirilgan harflari klaviaturada qanday joylashishi aks etgan suratni e’lon qildi.

“O‘zgartirish uchun mantiqiy sabab topa olmayapman”

Yana bir iqtisochi Behzod Hoshimov bu haqda yozar ekan, “bir avlod yana savodsizlashadi”, deya ta’kidladi. Quyida uning postini keltiramiz.

“Menga hozirgi lotin alifobosi qulay ko‘rinadi… O‘zgartirish bilan muammo — nihoyatda katta tranzaksion xarajatlar deb o‘ylayman. Yana bir avlod undan oldingi avlod bilan boshqa tilda yozishadi. Bu qimmat va qiyin narsa. Ya’ni qanday alifbomiz bo‘lsa, o‘sha qolgani yaxshi. O‘zgartirish uchun mantiqiy sabab topa olmayapman. Tillar bor, masalan fransuz tili — 8 ta harf yozilib, ikkitasi o‘qiladi, yozib kelishyapti 200 yildan beri. 5 foizlik iqtisod argumentiga qo‘shilish nihoyatda qiyin. Ayniqsa, buning yutqazish xarajatlari — bir avlod yana savodsizlanishini hisobga olsak… 30 yildan beri katta bo‘lib kelgan avlod, men tengi va mendan kichik kamida 15 million odam o‘qigan alifbosini bu kosmetik o‘zgarish uchun yana boshidan almashtirish fikriga qo‘shilmayman. Yoki men o‘zgarish afzalligini tushunmayapman, yoki o‘zgartirish tarafdorlari o‘zgarish bilan bog‘liq eng asosiy tranzaksion xarajat — millionlab odamlarni o‘rgangan alifbosi ularni savodsizlashtirib qo‘yishini inobatga olishmayapti”, — deydi iqtisodchi.

“Bu variant xalqni savodsiz qilmaydi”

Huquqshunos, bloger, O‘zA bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Xushnud Xudoyberdiyev esa taklifni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

“Alifbodagi ayrim kamchiliklar uni amaliyotga to‘laqonli tatbiq etishga to‘sqinlik qilmoqda, texnologik muammolar keltirib chiqarmoqda. Hozirgi loyiha ushbu muammolarni bartaraf etadi. Va, asosiysi, taklif etilayotgan variant xalqni savodsiz qilmaydi, ya’ni o‘zgarish sababli odamlar harflarni tanimay qolmaydi, 4 ta harf qatnashgan yozuvni bemalol, hech bir muammosiz o‘qishda va yozishda davom etaveradi… mana shu variantni yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlash va ishni huquqiy tomondan oxirigacha yetkazish kerak. Na uyoqli, na buyoqli bo‘lib, arosatda yurish faqat va faqat tilimizga zarar keltiradi. Shaxsan men ushbu taklifni to‘liq qo‘llab-quvvatlashimni bildiraman”, — deya ta’kidlaydi Xushnud Xudoyberdiyev.

U, shuningdek, darsliklar, ID karta va boshqa rasmiy hujjatlar, pulni chop etish kabilar o‘z vaqti yetgandagina almashtirilishi, buning uchun hozir xarajat qilinmasligi haqida yozdi. “Savod tushib ketadi, degan gaplar ham aldamchi qo‘rquv. Yoki yuqoridagi matnni o‘qishga qiynaldingizmi?” — deya qo‘shimcha qildi bloger o‘zining yangi ko‘rinishdagi alifboda yozgan postiga ishora qilgan holda.

“Yangi xarajatlar. Yangi chalkashliklar”

Bloger Mirzayor Erkinov (Mirzo Zominiy)ning qayd etishicha, bu yana sarsongarchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

“O‘ta shaxsiy fikrim — shuncha vaqt lotinga o‘tishni eplolmadik. Ko‘plab sohalarda o‘zbek tilida yozishni endi o‘rganish, unga nisbatan munosabat yaxshilanayotganida yangi alifbo bora-bora ko‘nikib, o‘rganayotganlarni uzoqlarga itg‘itib yuboradi. Marketing sohasidagi bir necha yillik kuzatuvlarimdan kelib chiqib aytamanki, alifboning yangi harflarini tatbiq etish, yoyish uchun real siyosiy iroda, aniq ishlaydigan, samarali vositalar borligiga kafolatlar bo‘lmasa, xarajat qilaveramiz, yana o‘rtasarson bo‘lamiz”, — deydi bloger.

“Gap faqat xarajatdan qochishda emas”

Ta’lim eksperti Komil Jalilov loyihani qo‘llab-quvvatlayotganlardan shu “islohot”ning zaruratini tushuntirib berishni so‘ramoqda.

Hozirgi alifbo ideal emas, mukammal emas. Lekin shu paytgacha lotin yozuviga to‘liq o‘tmaganimiz sababini boshqa joydan qidirish kerak, alifboning nomukammalligidan emas. Balki oldin davlat tiliga to‘liq o‘tish masalasini hal qilarmiz? Hozirgi alifbo texnologiyalar uchun muammo tug‘diryaptimi? Muammo aynan nimada va uning alifboni o‘zgartirmasdan yechish yo‘llari qidirib ko‘rildimi, tadqiq qilindimi? — deb yozadi u.

“Gap faqat xarajatdan qochishda emas. Biz aslida xatoni 1993-yilda, undan keyin 1995-yilda qilib bo‘lganmiz. Misol uchun, 1995-yilda kimdir „burgaga achchiq qilib ko‘rpani yoqqanida“ (1993-yil qabul qilingan qonunga hech qanday tuzuk-quruq asos va tadqiqotlarsiz o‘zgartirish kiritishni taklif qilganda) o‘sha paytda „tepa“ aytgan „lyuboy“ narsani oqlab beradiganlar oqlab berishgan, „hozir kelayotgan“ deputatlarimiz yoqlab berishgan. Hozir shu xatoni qaytarmoqchimiz. Men taklif qilinayotgan o‘zgarishlarda na ilm va na mantiq nuqtai nazaridan asos ko‘rmayapman”, — ta’kidlaydi Komil Jalilov.

“To‘rt harfning o‘zgarishi islohot emas”

Filolog, bolalar yozuvchisi Sa’dullo Quronovning qayd etishicha, mazkur loyiha bilan “mavjud muammoning bir qismi yechilmoqda, xolos”.

Buni balki texnik tuzatish deb atash mumkindir, bilmadim… Menga qolsa, o‘zbekning nutqidan kelib chiqib “h” va “x” tovushlari uchun faqat bitta harf joriy etgan, tutuq belgisini esa butunlay olib tashlagan bo‘lardim. Ya’ni talaffuzimizda deyarli yo‘q bo‘lib ketgan “ng” tovushini ham kiritmasdim. Men uchun eng yaxshi va qulay alifbo shu. Faqat shunday o‘zgarishlar bo‘lsagina, islohot deyish mumkin, deb o‘ylayman", — deb yozadi u.

“Tashqarida XXI asr, hurmatlilar!”

Jurnalist, filolog, adliya vazirining til masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shahnoza Soatovaning ta’kidlashicha, loyiha yana kun tartibiga chiqqani, “o‘lik nuqta”dan siljigani quvonarli.

“Bu safar olimlar va ziyolilar (anjumandagilar) va nihoyat murosa nuqtasini topishgandek, taklif etilgan loyiha „konseptual ma’qullandi“. Albatta, ayrim qizishishlar ham bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa yana bahs qizimoqda (odatdagidek). Lekin savod 4 tagina belgining o‘zgarishi tufayli yo‘qolib qolsa, u qanday savod? Android`dan iOS`ga 3 kunda ko‘nikadigan odamlar alifbodagi 4 ta belgi o‘zgarishiga ko‘nikisholmas ekan, savodsiz bo‘lib qolisharmish. Tashqarida XXI asr, hurmatlilar! O‘ziga kelganda arzimas juz’iy o‘zgarishlarni ham istamay, boshqalardan islohot kutish qanchalik to‘g‘ri? Biz kurashayotgan narsa — o‘zgarishlardan qo‘rquv, qolgan argumentlar shu ildizdan o‘sib chiqyapti, deb o‘ylayman. Islohotchilar islohotdan qo‘rqmasligi kerak! Alifbo islohi kerak. Umid qilamizki, endi bu masala hal bo‘ladi!” — deydi Shahnoza Soatova.

“Harf terish qaytaga osonlashadi”

Tilshunos Orif Tolib masalaning harflarni klaviaturada terish bilan bog‘liq tomoniga to‘xtaldi.

t.me/oriftolibt.me/oriftolib

“Hozirgi muammolar bartaraf bo‘ladi. Harflar bitta tugmada chiqadi. Rasmda kecha ishchi guruh taklif qilgan variantni aks ettirdim. Ş harfini boshqa joyga ham qo‘yish mumkin. Masalan, enter`ning chap tomonidagi tugmaga. Bu klaviatura uchun terilma yasab olish muammo emas. Hozirgi alifbo uchun ham moslangan terilma bor, masalan. Windows va Apple`ga rasmiy so‘rov yuborilsa, ular keyinchalik yangilanishlar payti o‘zbek lotin klaviaturasini o‘zgartirib qo‘yadi. Kompyuter klaviaturangizga bir qarang. Unda kirildagi o‘, q, g‘, h harflari yo‘q. Ular , ы, -, = belgilari o‘rniga joylashtirilgan. Lotinda ham shunday bo‘ladi”, — deya tushuntiradi u.

“Bir tovushga bir harf tamoyili noreal”

Psixolingvist Iroda Azimova bu mavzuni “o‘ta nozik” deb atadi. U 2023-yilning fevral oyida yozgan fikrlari bilan qayta o‘rtoqlashdi.

“„O‘zbekiston tarixi“ kanalida alifbo masalasi muhokama qilinyapti. Tarixchilar unlilarning yumshoq va qattiq shakllari uchun alifboda harf bo‘lishi kerakligini ta’kidlashdi. Bu tilning go‘zalligini saqlash va avlodga yetkazish zarurligi, bu qadriyat sifatida muhim, bir tovushga bir harf tamoyilidan kelib chiqish kerak, degan argumentlar keltirishyapti. Psixolingvist sifatida bir tovushga bir harf tamoyili noreal ekanligini aytmoqchiman. Har bir tovush so‘z ichida atrofini qurshab turgan tovushlar ta’sirida turlicha talaffuz qilinadi. Shuning uchun bir tovushga bir harf bo‘lishi tabiiy ravishda imkonsiz”, — deydi u.

“Ikkinchi masala, ta’lim masalasi. O‘zi shunday ham jamiyatimizda bolalarni o‘zbek tilida ta’lim beruvchi maktablardan rus tilida ta’lim beruvchi maktablarda o‘qitish ishtiyoqi kuchli. Biz go‘zal tilimizni o‘rgataylik deb, uning hozirgi, kimlargadir go‘zal tuyulmayotgan holatini ham yetkazishdan mahrum bo‘lib qolishimiz mumkin. Chunki alifboni yana o‘zgartirish yana beqarorlik degani, yana savodxonlik tushib ketadi degani… Uchinchi masala, til har doim o‘zgaradi. Bunga turli omillar ta’sir qiladi. Tilimizni manguga o‘zgarishsiz saqlab qololmaymiz. Shunday ekan, biz til go‘zalligini saqlashdan ko‘ra unda yetkaziladigan bilimning qadrini oshirish haqida ko‘proq qayg‘urishimiz kerak, deb hisoblayman”, — deya ta’kidlagan mutaxassis.

“To‘liq lotin alifbosiga o‘tish — shudir masala”

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev “alifboni epaqaga keltirish — oldinda turgan ishlarning eng kichigi” ekanini eslatib o‘tdi.

“Ɉ ɉ va Ñ ñ ni olib tashlab, 1993-yilgi alifbomizga qaytishdan to‘g‘riroq va mantiqliroq yo‘l yo‘q edi, menimcha. Yangio‘zbekistonchasiga aytganda, tarixiy adolat tiklangan bo‘lardi, ehtimol, olimlarimizning ham ancha-muncha qimmatli vaqti tejalgan bo‘lardi. Hozirgi qabul qilinish arafasida turgan takliflar esa, menimcha, yaqin 10−20 yilda alifboni yana isloh qilish ehtiyojini yuzaga keltiradi. Yuzaga keltirmasa, unda yaxshi. Alifboni epaqaga keltirish — oldinda turgan ishlarning eng kichigi. To‘liq lotin alifbosiga o‘tish — shudir masala. Masalan, O‘zbekiston 2010-yil 1-sentabrigacha yangi alifboga to‘liq o‘tib bo‘lishi kerak edi”, — deb yozgan jurnalist.