Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida o‘zining 3 kunlik chaqalog‘ini 50 mln so‘mga sotib yubormoqchi bo‘lgan ayol 5 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Unga o‘qilgan sud hukmi Sevimli telekanalining Zamon informatsion dasturidagi lavhada e’lon qilindi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, ayol boshqa yigitdan homilador bo‘lib, buni yaqinlaridan yashirish maqsadida tug‘ilajak farzandini Samarqand tumanida yashovchi ayolga 50 mln so‘m evaziga sotishga kelishgan. 2023-yil 5-iyun kuni ayol pullarni olayotgan vaqtida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlangan.

“U bola menga uylanmay ketib qolgani uchun [bolani] mayli beraman, dedim. [Yigit] 8 yildan beri farzandim yo‘q, bo‘lmayapti, degandi… Ota-onamning yuzini yerga qaratib qo‘ydim. Meni kechiringlar”, — deya ta’kidladi sudlanuvchi ayol.

Sudda bolaning xaridori chaqaloq tug‘ilguncha u bilan doimiy aloqada bo‘lib turganini aytdi.

“…Ular qornidagi farzandlarini bizga sotishga rozi bo‘ldi. U tug‘ilsa, berasizmi dedik. Ha, beraman, dedi. Keyin xo‘jayinim shunday berasizmi, dedi. Bu kishi shunday emas, 50 mln so‘m berasiz, deb aytgan. Tuqqandan so‘ng telefon qildi”, — deydi chaqaloq xaridori.

Sud keltirilgan asoslarni hisobga olib, Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (18 yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan odam savdosi) va 57-moddasiga (Yengilroq jazo tayinlash) asosan ayolni 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi.