26-avgust kuni og‘irligi taxminan 12 tonna bo‘lgan insonparvarlik yordami Rossiyaning Belgorod viloyati Shebekinskiy tumani aholisiga yetkazildi. Bu haqda Rossiya TIVning rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.

Yukda bolalar va kattalar kiyim-kechaklari va poyabzallari, dori-darmonlar, shuningdek, birinchi sinf o‘quvchilari uchun maktab to‘plamlari mavjud. Insonparvarlik yordami O‘zbekistonning davlat, jamoat va nodavlat tashkilotlari orqali amalga oshirilgan.

Rossiya tomoni O‘zbekiston rahbariyati va uning fuqarolariga ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik an’analariga, har tomonlama strategik sheriklikka asoslangan munosabatlarning yuksak darajasini aks ettiruvchi ushbu xayrixohlik uchun chuqur minnatdorlik bildiradi, deyiladi xabarda.

Belgorod viloyatining Shebekinskiy tumani mamlakatning Ukraina bilan chegarasida joylashgan. Rossiyaning harbiy harakatlari tufayli chegara hududlari tez-tez o‘qqa tutiladi. May oyida mintaqa hududiga o‘zlarini “Rossiya ozodligi” legioni va Rossiya ko‘ngillilar korpusi a’zolari deb tanishtirgan diversantlar kirib kelgan, ular 1-iyun kuni ham faol jangovar harakatlarni takrorlagan. Viloyat hukumati bolalar va ayollarni evakuatsiya qilgan, RIA Novosti ma’lumotlariga ko‘ra, jami 60 mingga yaqin odam o‘z uyini tark etgan.

Avgust oyida Belgoroddagi sanatoriyga dronlar hujum qilishi oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan.

Bundan bir necha kun oldin esa Belgorodga kassetali o‘q-dorilar bilan hujum qilingani haqida xabar berilgan.

Avvalroq O‘zbekistondagi jamoat tashkilotlari va o‘zbek ishbilarmonlari tomonidan yig‘ilgan 10,5 tonna gumanitar yuk Ukrainaga yetkazilgandi. Ulardan kiyim-kechak hamda tibbiy buyumlar o‘rin olgan. Shuningdek, Ukrainadan dam olish va reabilitatsiya uchun 45 nafar boladan iborat guruh Toshkentga kelib ketgan.