IMEI kodlaridan (UzIMEI) foydalangan holda mobil qurilmalarni majburiy ro‘yxatga olish tizimini yurituvchi Information Technology Center (ITC) to‘liq xususiylashtiriladi. Bu prezidentning 19-apreldagi iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorida nazarda tutilgan.

ITC davlat aksiyalari yoki ulushlari ochiq kimoshdi savdosiga qo‘yilishi kerak bo‘lgan 247 kompaniya ro‘yxatiga kiritilgan.

O‘zbekistonda 2019-yil aprel oyidan boshlab mobil qurilmalarni IMEI tomonidan majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi ishlamoqda. Uni amalga oshirish uchun Amerikaning Delta Telecom International kompaniyasi O‘zbekistonda Information Technology Center qo‘shma korxonasini tashkil etgan. Delta Telecom International kompaniyasining korxonadagi ulushi 51 foizni tashkil etadi, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Respublika telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish markazi (RTTBM) vakili bo‘lgan O‘zbekiston tomoni 49 foiz ulushga ega. RTTBM, shuningdek, tizimning operatori va egasi hisoblanadi, deya ta’kidladi Raqamli texnologiyalar vazirligi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, respublika markazi qo‘shma korxonadagi ulushi sotilganiga qaramay, tizim operatori bo‘lib qolaveradi.

Kompaniya turli xil biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, turli maqsadlar uchun ma’lumotlar bazalarini yaratish va yuritish, turli axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari, server va boshqa tarmoq uskunalarini saqlash bo‘yicha autsorsing xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan dasturiy ta’minot va ilovalarni ishlab chiqadi.

UzIMEI haqida

2019-yil 1-dekabrdan boshlab UzIMEI tizimi pulli bo‘ldi. Tizim joriy etilishi bilanoq jamoatchilik noroziligiga duch kelgan. 2020-yil fevral oyida jamoaviy petitsiya portalida IMEI ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovini bekor qilish to‘g‘risida petitsiya paydo bo‘lgandi.

Qonunchilik palatasi qo‘mitasi mazkur masalani o‘rganib chiqqan va Vazirlar Mahkamasining (847-son va 778-son) qarorlari bilan tasdiqlangan qoidalar asosida IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyotini davom ettirishni “maqsadli va asosli” deb topgan. Qonunchilik palatasi hukumatga hisobotda qayd etilgan taklif va kamchiliklarni inobatga olib, tizimni takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishni tavsiya qilgan.

2021-yil yanvar oyida RTTBM vakili IMEI kodlarini pulli ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi joriy etilgandan beri (2019-yil 1-dekabrdan) daromadlar 240 milliard so‘mni tashkil qilgani haqida ma’lumot bergan. Shundan so‘ng tushumlar miqdori haqida xabar berilmadi. “Gazeta.uz” Raqamli texnolgiyalar vazirligi matbuot xizmatiga bu bo‘yicha so‘rov yubordi.

Hukumat tomonidan 2019-yil sentabr oyida tasdiqlangan Mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘ilgan mablag‘lar quyidagilarga yo‘naltiriladi:

  • tizim operatori o‘z faoliyatini yuritish xarajatlari va majburiyatlari uchun;
  • Raqamli texnologiyalar vazirligining qaror, buyruq va farmoyishlariga asosan davlat organlarida amalga oshirilayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish loyihalarini maqsadli moliyalashtirish uchun (ushbu xarajatlarga tizim operatorining investitsiya faoliyatidan olingan daromadlari ham jalb qilinishi mumkin);
  • Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasiga — Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq davlat organlarida amalga oshirilayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish loyihalarini maqsadli moliyalashtirish uchun;
  • respublika telekommunikatsiya infratuzilmasini, shu jumladan, qishloq va chekka aholi punktlari, turistik va rekreatsion hududlarda rivojlantirish loyihalari uchun.

Operator summaning qaysi qismini olishi va qancha foizi boshqa maqsadlarga yo‘naltirilgani reglamentda ko‘rsatilmagan.