Toshkent metallurgiya zavodining davlat ulushi professional konsultantlarni jalb qilgan holda xalqaro bozorda ommaviy savdolarga chiqariladigan korxonalar ro‘yxatiga kiritildi. Bu prezidentning 19-apreldagi “Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan.

O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (O‘TTJ) ga tegishli davlat ulushining 49,9 foizi 2025-yilning ikkinchi choragi oxirigacha auksionga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

TMZ ulushini xususiylashtirish oldi tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirishga mas’ul ishchi guruh tarkibiga O‘TTJ ijrochi direktori Shuhrat Vafayev, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Miraliyev va Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Omonullo Nasritdinxo‘jayev kiritildi.

Loyiha, ta’sischilar va bankrotlik tahdidi haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yilning dekabr oyi boshida umumiy qiymati 420 mln dollar bo‘lgan Toshkent metallurgiya zavodini ishga тuширишмаросимида ishtirok etgan.

Loyihaga kiritilgan kapital qo‘yilmalarning umumiy miqdori 334,5 mln yevrodan ortiqni tashkil etadi, shundan 164,56 mln yevro Rossiya eksport-import bankining 10 yillik krediti, 154,7 mln yevrosi o‘z mablag‘lari (yarmiga yaqini — O‘TTJ mablag‘lari), 15,1 mln yevro — “Asaka” bank krediti mablag‘lari hisoblanadi. Hisoblangan to‘lov muddati taxminan 8,6 yilni tashkil etadi. Dastlab, loyihaning umumiy qiymati 278,2 mln yevroga baholangan edi, biroq ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish maqsadida loyihaga o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng, u o‘zini oqlash muddati — 9,3 yilgacha oshgan.

Zavodni 49,7 gektar maydonda qurish loyihasi Rossiyaning Metprom guruhi tomonidan tayyor holatda topshirish asosida amalga oshirilgan, ya’ni guruh loyihachi va bosh pudratchi sifatida ishlagan. Korxona Italiyaning Danieli kompaniyasi texnologiyasi va avtomatlashtirilgan uskunalari bilan jihozlangan.

Loyihani amalga oshirishni SFI Management Group (Alisher Usmonov Forbes nashriga bergan intervyusida kompaniya milliarder Fattoh Shodiyevning akasi Qobil Shodiyevning oilasiga tegishli ekanligini aytgandi, Qobil Shodiyev TMZ ochilishida ishtirok etgan va prezidentga taqdimot qilgan) xorijiy kompaniyasi boshqarib, qurilish va foydalanishga topshirishning barcha bosqichlarini, jumladan, loyihani ishlab chiqish, barcha manfaatdor tomonlar bilan muzokaralar olib borish, investitsiyalar, kreditlar jalb qilish va xorijiy mutaxassislarni jalb etishni to‘liq nazorat qilgan.

Zavod ishga tushirilishi bilan O‘zbekistonda talab mavjud bo‘lgan metallurgiya mahsulotlarini ishlab chiqarish zanjiri shakllantirilishi, mahalliy korxonalarda lokalizatsiya darajasi sezilarli darajada oshishini ta’kidlangandi. Zavod ishga tushirilishi bilan birinchi bosqichda yiliga 400 million dollar chet el valyutasining mamlakatdan chiqib ketishining oldi olinishi kutilgandi.

Dastlab ustav kapitali 197,8 mln yevro bo‘lgan “Toshkent metallurgiya kombinati” qo‘shma korxonasining ta’sischilari O‘TTJ (49,9 foiz yoki 98,7 mln yevro) va Niderlandiyaning Metallurgical Technology and Engineering B.V. korxonasi (50,1 foiz yoki 99,1 mln yevro) bo‘lgan.

Loyihani boshqargan SFI Management Group loyihada ishtirok etish taklifi bilan chiqqan. Keyinchalik ta’sischilarning ro‘yxatida o‘zgarish bo‘lgan va Metallurgical Technology and Engineering B.V. ulushi 41,9 foizgacha kamayib, SFI Management Group 8,2 foiz ulushni olgan.

25-aprel kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan sanoat ko‘rgazmasida “Metalloinvest” bosh direktori Nazim Efendiyev kompaniya “investitsiya kiritib, TMZ kapitaliga kirganini” ma’lum qilgan. Metalloinvest Holding (Cyprus) Limited kompaniyasi Metallurgical Technology and Engineering B.V. o‘rnini egallab 41,8 foiz, Miramonte Investments Limited esa SFI o‘rnini olib 8,2 foiz ulush egasi bo‘lgan.

“Metalloinvest” va Miramonte Investments kompaniyalari aprel oyida AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga tushgandi.

2023-yilning iyun oyida “Gazeta.uz” kiprlik ta’sischilar, jumladan, Alisher Usmonovga aloqador “Metalloinvest” kompaniyasiga tegishli korxona “harakatsizligi” tufayli Toshkent metallurgiya kombinati bankrot bo‘lish xavfi ostida qolgani haqida yozgandi. Sud ularni loyihadan chetlashtirgan, biroq korxona 916,9 mlrd so‘m zarar va 179,7 mln yevro kredit bilan qolgan.

Toshkent metallurgiya zavodi maqolaga javoban korxonaning qarzlari tijoriy faoliyat orqali to‘lanishini ma’lum qilgandi. “Davlat kompaniyaning majburiyatlari bo‘yicha javobgar emas”, deya ta’kidlagan TMZ.

Ta’kidlash joizki, zavodga egalik qiluvchi QK MCHJ shaklida tashkil etilgan, shuning uchun kompaniyadan moliyaviy hisobotlar va o‘z faoliyati to‘g‘risidagi muhim faktlarni jamoatchilikka e’lon qilish talab qilinmaydi. Ma’lumotni majburiy oshkor qilish uchun korxona aksiyadorlik jamiyati shakliga o‘tkazilishi kerak.