Dam olish kunlari harorat +30 darajagacha pasayadi

Juma kuni Ural hududlaridan kirib keladigan salqin havo hisobiga dam olish kunlari harorat pasayadi. Yakshanba kuni kunduzgi harorat +30…+32, janubda +35 darajadan oshmaydi. Harorat tushishi kelgusi haftaning o‘rtasigacha davom etadi.

O‘zbekiston maktablarida darslar 4-sentabrdan boshlanadi

O‘zbekiston maktablarida 2023/2024 o‘quv yili 4-sentabr, dushanbadan boshlanadi, deya xabar bermoqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi.

Uzbekistan Airways Mustaqillik bayrami munosabati bilan 50 foizlik chegirma e’lon qildi

Uzbekistan Airways Mustaqillik bayrami munosabati bilan 1-sentabrdan 3-sentabrgacha bo‘lgan barcha mahalliy aviaqatnovlarga 50 foizlik chegirma e’lon qildi.

O‘zbekiston prezidenti mutasaddilarga qish yaqinlashayotganini eslatdi

O‘zbekiston prezidenti Buxoroda o‘tgan yig‘ilishda energetika resurslaridagi yo‘qotilishlar va kuz-qish mavsumiga yaxshi tayyorgarlik ko‘rilmayotganini tanqid qildi. Sovuq kunlarda energiya tizimining barqaror ishlashini ta’minlash uchun rahbarlarga favqulodda ish rejimiga o‘tish bo‘yicha topshiriq berildi.

Tuman hokimlari inflyatsiyani jilovlashga shaxsan javobgar bo‘ladi — prezident

Tumanlar hokimlari bundan buyon o‘z hududlarida inflyatsiyani jilovlashga shaxsan javob beradi, dedi O‘zbekiston prezidenti. Buni sun’iy yo‘l bilan emas, takroriy ekinlarni ko‘paytirish va mahsulot hajmini oshirish orqali amalga oshirish kerakligi ta’kidlandi.

Toza havo hokimlarning asosiy vazifalaridan biri bo‘ladi — prezident

O‘zbekiston prezidenti hududlarni ko‘kalamzorlashtirish borasidagi ishlar sustligini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sug‘orish tizimi yo‘qligi sababli 10 mln nihol nobud bo‘lgan. U bundan buyon ekologik vaziyatni yaxshilash hokimlarning asosiy vazifalaridan biri bo‘lishini ta’kidladi.

O‘zbekiston IIV — ikki bloger qidiruvga berilgani sabablari haqida

IIV 2 bloger qidirilayotgani sabablarini ma’lum qildi. Sanjar Ikromov (Sanjar Xo’ja) 2012-yildan buyon Sergeli bozorida fuqaroga avtomobil olib berishni va’da qilgani uchun qidirilmoqda. Retsidivist deb topilgan Sherali Komilov (Detectiv Uz) 3 ta holatda firibgarlik va haqorat qilishda gumonlanmoqda.

O‘zbekiston Afg‘onistonga davlat xaridlari orqali dori vositalarini yetkazib bermoqchi

O‘zbekistondagi farmatsevtika korxonalari Afg‘onistonning dori-darmon bo‘yicha davlat xaridlarida (tenderlarida) ishtirok etishi mumkin.

O‘zbekistonlik 5 nafar shaxmatchining barchasi Jahon kubogini tark etdi

O‘zbekistonning Jahon kubogidagi so‘nggi vakili, grossmeyster Javohir Sindarov 1/16 final bosqichida hindistonlik raqibiga imkoniyatni boy berib, turnirni tark etdi.

Markaziy bankka oilaviy tadbirkorlikni kreditlash bo‘yicha topshiriq berildi

Prezident farmoniga ko‘ra Markaziy bank 2024-yildan oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun banklarga kamida 2 trln so‘m miqdorida kreditlar ajratishi kerak. Bungacha mazkur maqsadlar uchun pul TTJ yoki budjetdan ajratilgan. MB mablag‘larini rasmiy jalb qilish (qonunda nazarda tutilmagan) ilk bor kuzatiladi.

Farg‘onada elektr korxonasi xodimi kaltaklandi

Farg‘ona viloyati HETKning kadrlar bo‘limi boshlig‘i kaltaklandi. Bunga uning hisobchiga nega ishga kelmaganini bilish uchun qo‘ng‘iroq qilgani va suhbat chog‘ida ayolning eri bilan janjallashgani sabab bo‘lgan. Xodim shifoxonaga yotqizilgan, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Samarqanddagi ohak sexi 4,3 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi

Pastdarg‘om tumanida ohak ishlab chiqaruvchi sex mansabdorlari 4,3 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Toshkentda yana bir avtobus Spark bilan to‘qnashdi

Uchtepa tumanida Yutong rusumli avtobus yo‘liga chiqib qolgan Spark avtomashinasi bilan to‘qnashdi. YTH oqibatida hech kim jarohat olmadi. Bu poytaxtda yangi avtobuslar ishtirokidagi birinchi YTH emas.