JIB Mirobod tuman sudida bloger Abduqodir Mo‘minovga oid ishning sud tergovi yakunlanib, sud muzokaralari boshlandi. Muzokaralarda prokuror tomonidan sudlanuvchiga nisbatan uzil-kesil 11 yil ozodlikdan mahrum etish va 3 yil davomida jurnalistik faoliyatni cheklash so‘raldi. Bu haqda Oliy sud “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Bundan tashqari prokuror tomonidan Abduqodir Mo‘minovga nisbatan BHMning 400 barobari miqdorida (132 000 000 so‘m) jarima jazosi tayinlanishi so‘raldi.

Eslatib o‘tamiz, YouTube platformasidagi 247 ming obunachiga ega “Ko‘zgu” sahifasi muallifi, bloger Abduqodir Mo‘minov (1990-yilda tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining:

  • 141−1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari;
  • 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi;
  • 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b”, “v” bandlari, 4-qismi “a” bandi;
  • 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi;
  • 28, 211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

U 2021-yil oktabr oyida sodir etilgan firibgarlik va tovlamachilikda gumonlanib, fevral oyida hibsga olingandi.

Avvalroq tovlamachilik va tuhmat qilishda ayblanib hibsga olingan bloger Otabek Sattoriyning sud ishida ham prokuror 11 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragandi. Yakunda sud blogerga nisbatan 6 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagandi.