27-iyul kuni Telegram`dagi “KoDnu” kanalida oynalari va eshigi singan yangi Yutong avtobusi surati e’lon qilindi.

“Toshshahartransxizmat” o‘z izohida 26-iyul kuni kechga yaqin Istirohat ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan 147-yo‘nalishdagi avtobus “ZIL” haydovchisi uni o‘ng tomondan quvib o‘tmoqchi bo‘lganida shikastlanganini ma’lum qildi.

Yuk mashinasi haydovchisi o‘z aybiga iqror bo‘lib, yetkazilgan zararni qoplashga rozi bo‘ldi, shu munosabat bilan voqea joyida guvohlar ishtirokida dalolatnoma (Yevroprotokol) qayd etildi.

Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Kompaniya avtobus yaqin vaqt ichida yo‘nalishga qaytishini bildirdi.

26-iyul kuni Yutong avtobusining yengil avtomobil bilan to‘qnashib ketgani surati ham paydo bo‘ldi.