Toshkentda to‘xtash joylari bilan bog‘liq holat kundan-kunga og‘irlashib bormoqda, lekin mutasaddilar muammoni sezmayotganga o‘xshaydi. Avtomobillar jamoat joylarini egallab, trotuarlarda piyodalarning yo‘llarini to‘sib qo‘ymoqda, jamoat transporti harakatiga xalal beryapti, bekatlarga kirish va ajratilgan yo‘laklarni to‘sib qo‘ymoqda.

Haydovchilar yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga nisbatan mas’uliyat va hurmatni his qilmagan holda tartibsiz va Yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda mashina qo‘yishadi. Hali ham asosan qo‘l rejimida ishlayotgan YHXBB xodimlari vaziyatni boshqarishga qodir emas. Ko‘p hollarda ular alohida haydovchilarga e’tibor qaratib, ommaviy qoidabuzarliklarga shunchaki ko‘z yumishmoqda.

Hukumatning ko‘cha maydonini to‘g‘ri rejalashtirishga qodir emasligi tufayli haydovchilar yo‘l harakati qoidalarini ommaviy ravishda buzishmoqda. Suratda bir vaqtning o‘zida olti nafar huquqbuzar tasvirlangan. Foto: “Gazeta.uz”.Hukumatning ko‘cha maydonini to‘g‘ri rejalashtirishga qodir emasligi tufayli haydovchilar yo‘l harakati qoidalarini ommaviy ravishda buzishmoqda. Suratda bir vaqtning o‘zida olti nafar huquqbuzar tasvirlangan. Foto: “Gazeta.uz”.

2022-yil aprel oyida O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi “Toshkent transport tizimini kompleks rivojlantirish loyihalari boshqarmasi” direktori Murod Obidov 1-noyabrgacha Toshkentdagi 10 ta ko‘chada tajriba tariqasida pulli avtoturargohlarni joriy etish rejasi to‘g‘risida ma’lum qilgan edi.

Noyabr oyida islohotlarni amalga oshirish yil oxirigacha qoldirildi. O‘shanda poytaxt transport boshqarmasi birinchi pulli avtoturargohlar maketini e’lon qildi. 2251 ta to‘xtash joyiga xizmat ko‘rsatish uchun 57 ta parkomat o‘rnatish, 2 ta evakuator va 2 ta to‘xtash joyi hamda yo‘l harakati qoidalari buzilishini nazorat qiluvchi elektron tizim (parkon) xarid qilish rejalashtirilgan edi.

2022-yil dekabrida Toshkent hokimi o‘z qarori bilan Transport boshqarmasining avval e’lon qilingan sxema bo‘yicha ilk yo‘l bo‘yidagi avtoturargohlarni tashkil etishni tasdiqladi. Kasy Park kompaniyasi tajriba o‘tkaziladigan ko‘chalarda parkomatlar o‘rnatish orqali tizimni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etishi kerak edi.

2023-yil fevral oyida O‘zbekiston prezidenti shaharning 20 ta ko‘chasida 10 mingta avtomobil uchun pulli to‘xtash joylari joriy etilishini ma’lum qildi. Oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramasdan, poytaxt ko‘chalarida pulli avtoturargohlar paydo bo‘lgani yo‘q.

Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.

Murod Obidov yuqorida tilga olingan “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida tartibga solinadigan avtoturargohlar joriy qilinmasdan turib, shahar jamoat transportining normal ishlashini ta’minlay olmasligini ta’kidlagan edi.

Shahar avtobus parkining harakat tarkibini to‘ldirishga 270 mln dollardan ortiq mablag‘ sarflangan bo‘lib, uning asosiy qismi xalqaro moliya institutlaridan olingan. Pulli avtoturargohlarni joriy etish masalasi muntazam kechiktiriladigan bo‘lsa, bu mablag‘lar behuda sarflanmaydimi?

Toshkent ishni paysalga solayotgan bir paytda, Moskva va Olmaota allaqachon parkomatlardan voz kechishni boshlagan. Moskvada mashinalar parkomatlar 2012-yilda paydo bo‘lgan. Zamonaviy to‘lov usullarining rivojlanishi bilan parkomatlar ommaviyligini yo‘qotmoqda — parking foydalanuvchilari to‘layotgan to‘lovlarning 1% dan kamrog‘i ular hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. To‘lov trafigining 95% mobil ilova orqali o‘tadi. Olmaota ham (bu yerda pulli avtoturargoh 2016-yildan beri mavjud) QR-kod yoki to‘lov terminallari orqali to‘lashga o‘tmoqda.

“Gazeta.uz”ning Transport vazirligidagi manbasi pulli avtoturargohlarni joriy etish uchun normativ-huquqiy baza tayyor emasligini quyidagicha tushuntirdi:

“Hozirda parkovka qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy choralar mavjud emas. Hatto yo‘l bo‘yidagi to‘xtash joyiga pul to‘lamagan haydovchi ketaverishi mumkin. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli qo‘shimcha kiritish choralari ko‘rilmoqda”, — dedi u.

Kasy Park vakili telefon orqali vaziyatga izoh berishdan bosh tortdi. “Gazeta.uz” Toshkent shahar transport boshqarmasidan tushuntirish so‘radi.

Yaqinda “Trotuarlar kimga tegishli” deb nomlangan videoreportajni e’lon qilgan edik. Uni quyida ko‘rishingiz mumkin.