O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar va Mudofaa vazirliklari xodimlarining tezkor harakatlari natijasida Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi hududida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yirik yong‘inning oldi olindi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qo‘riqxonaning Maydontol bo‘limi hududida 8-iyulga o‘tar kechasi kichik yong‘in sodir bo‘lgan. Erta tongdan O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining o‘rmon yong‘inlarini bartaraf etish bo‘yicha maxsus otryadi manzilga yo‘l olgan.

Jarayonga, shuningdek, Mudofaa vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining kuch va vositalari, jumladan, ikkita vertolyot jalb etilgan.

Qisqa vaqt ichida yong‘in o‘chirildi va bu o‘rmonning katta hududiga tarqalishi mumkin bo‘lgan yong‘inning oldi olindi, deya ta’kidladi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Yong‘inni joyida o‘chirish jarayoni Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Abdulla Qo‘ldoshev tomonidan nazoratga olindi.