2023-yilgi yoz oyining boshi hatto O‘rta Osiyo iqlimi uchun ham juda issiq bo‘ldi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi.

Issiq oyning boshidan boshlandi va deyarli ikkinchi o‘n kunlik oxirigacha davom etdi. Bu davrda O‘zbekiston hududi bo‘yicha o‘rtacha havo harorati o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 3−5 darajaga yuqori bo‘ldi.

Birinchi va ikkinchi o‘n kunliklarning eng issiq kunlarida havo +39…+42 darajagacha, respublikaning eng chekka janubida +43…+45 darajagacha isidi.

Sinoptiklarning ta’kidlashicha, iyun oyida bunday harorat qiymatlari kamdan kam uchraydigan holat deb hisoblanmaydi. Meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun iyun oyining mutlaq maksimal harorati +42…44 darajani, cho‘l hududlarda va janubda +45…+48 darajani tashkil etadi.

Ammo O‘zbekistonda me’yorga nisbatan yuqori bo‘lgan harorat bilan kuzatilgan yoz oyining boshi deyarli kamdan-kam hollarda kuzatiladi, deyiladi O‘zgidromet xabarida.

Iyun oyining uchinchi o‘n kunligida O‘zbekiston hududida Kavkazdan salqin havoning bir qator kirib kelishi kuzatildi, bu esa harorat fonini pasaytirdi. Hududning katta qismida uchinchi o‘n kunlikning o‘rtacha harorati me’yordan 1−2 darajaga past, ba’zi joylarda me’yor atrofida bo‘ldi.

Bu davrda kunduzgi havo harorati +33…+38 darajagacha, o‘n kunlikning o‘rtalarida esa +28…+30 darajagacha pasaydi. Hatto eng chekka janubiy hududlarda ham issiq +35…+37 darajagacha pasaydi.

Umuman olganda, iyun me’yordan 2−3 daraja yuqori, shimolda esa me’yor atrofida bo‘ldi.

2023-yilning iyun oyida Toshkentda eng yuqori harorat +40,5 darajani tashkil etdi, maksimal harorat ikki marotaba +40 darajadan oshdi. Toshkentda barcha kuzatuv yillari uchun iyun oyidagi eng yuqori harorat (mutlaq maksimal harorat) +43,0 darajani tashkil etdi.

Bu yilgacha eng issiq iyun oylari qatorida birinchi o‘rinni 2021-yil iyun oyi egallab kelgan, ushbu yilda Toshkentda maksimal harorat +42,6 darajaga ko‘tarilgan edi.

Uzoq muddatli issiq ob-havo hisobiga, Toshkentda 2023-yil iyun oyi kuzatuvlar tarixidagi eng issiq iyun oyi bo‘ldi, u 2021-yil iyun oyidan o‘tib ketdi. 2023-yil iyun oyidagi o‘rtacha harorat 2021-yil iyun oyiga nisbatan 0,4 darajaga yuqori bo‘ldi.

O‘zbekiston hududining katta qismida 2023-yil iyun oyi eng issiq iyun oylari reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va Navoiy viloyatining shimolida nisbatan issiq bo‘lmadi. Ayniqsa so‘nggi yillarda bu hududda yoz oylar juda issiq bo‘lgan.

Biroq, bu yil respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlariga Rossiya hududlaridan nisbatan salqin havo bir necha bor kirib keldi va harorat foni maqbul atrofida saqlanib turdi, faqat ayrim kunlarda, ba’zi joylarda +40…+41 daraja (1−3 kun)gacha ko‘tarildi.

2023-yil iyun oyi respublika hududining katta qismida g‘ayrioddiy harorat tartibidan tashqari ekstremal quruqlik bilan ajralib turdi. Oy davomida yog‘ingarchilik miqdori iyun oyi oylik me’yoridan 0−30 foizdan ko‘p bo‘lmadi.