Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasi va uning tarkibidagi Shon-sharaf davlat muzeyiga kirish vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hududda 20-may kunidan yangi ekspozitsiyalarni joylashtirish hamda kichik ta’mirlash va dezinfeksiya ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.

Shu munosabat bilan shu kundan e’tiboran tashrif buyuruvchilar uchun G‘alaba bog‘i va Shon-sharaf muzeyiga kirish qisqa muddatga to‘xtatiladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur bog‘ qurilishi prezident tashabbusi hisoblanadi. U 2018-yil kuzida Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan bog‘ qurish taklifini ilgari surgan edi.

“Bu bog‘ xalqimizning G‘alabaga qo‘shgan hissasini aks ettirishi, otalarimiz va bobolarimiz qahramonligini abadiylashtirishi kerak”, — deya ta’kidlagan edi davlat rahbari.

Prezident yaqinda nishonlangan Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan xalqqa yo‘llagan tabrigida ham G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasi qisqa vaqt ichida “qutlug‘ qadamjoga” aylanganiga to‘xtalib o‘tgandi.

G‘alaba bog‘i 2022-yil aprel oyida ham “ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilishi” sabab 24 kunga yopilgan.