Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida maktab direktori o‘quvchi qizni dars vaqtida kaltakladi, deb xabar bermoqda Kun.uz. Nashrning ma’lumot berishicha, bunga o‘quvchi ro‘molini yechishni istamagani sabab bo‘lgan.

Holat 17-may kuni xorijiy tillarga ixtisoslashgan davlat umumta’lim muassasasida sodir bo‘lgan. Tahririyatga murojaat qilgan qizning otasi vaziyat yuzasidan chora ko‘rilishi kerakligini, o‘quvchi ayni vaqt maktabga chiqishni istamayotganini bildirgan.

Bolalar ombudsmani vaziyatni o‘z kuzatuviga olganini ma’lum qildi. Surayyo Rahmonovaning yozishicha, shu kuni N.M. (qiz bola, 2010-yilda tug‘ilgan) sinfdosh o‘rtog‘i X.X. (o‘g‘il bola) bilan og‘zaki tortishgan, biroz vaqt o‘tganidan so‘ng sinfxonaga maktab direktori Q.R. (ayol) kirib kelgan, algebra o‘qituvchisi unga o‘quvchilar tortishganini aytgan.

Maktab direktori Q.R. qizdan sinfdoshi bilan nima uchun janjallashgani, maktabga nega diniy libos — ro‘mol o‘rab kelganini so‘rab, ro‘molni yechishni aytgan. Qiz unga go‘yoki gap qaytarib, ro‘molini yechmasligini aytgani uchun direktor qizni urib, jarohat yetkazgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda holat yuzasidan Buvayda tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining munosabat bildirishicha, vaziyat o‘rganilmoqda, yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.