4-iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudida 4 tup qimmatbaho sadaqayrag‘och daraxtini kesgan fuqaroga hukm o‘qildi, deya xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.

2-mart kuni Namangan tumani “O‘lmas” mahallasida o‘tkazilgan profilaktik qo‘shma reydda fuqaro B.M. yoshi 100 yildan kam bo‘lgan 4 tup qimmatbaho sadaqayrag‘och daraxtini kesib yuborgani aniqlangan. Bu orqali o‘simlik dunyosiga 326 850 000 so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Fuqaroning harakatlarida jinoyat alomatlari borligi sababli ish hujjatlariga huquqiy baho berish uchun tuman prokuraturasiga yuborilgan. Tuman prokuraturasi tomonidan B.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudi tomonidan sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilib, fuqaroga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shuningdek, B.M.dan viloyat Ekologiya boshqarmasi foydasiga o‘simlik dunyosiga yetkazgan zararini undirish ham belgilangan.