O‘zbekistonda ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha 40 nafar amerikalik mutaxassis English Speaking Nation: English Summer Excellence Training (ESN: ESET) dasturi doirasida O‘zbekistonda ish boshladi, deb xabar qildi AQShning Toshkentdagi elchixonasi “Gazeta.uz”ga.

Mutaxassislar tomonidan O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarida 520 nafar ingliz tili o‘qituvchici uchun 120 soatlik ingliz tili o‘quv dasturi o‘tkaziladi. Ushbu 16 kunlik kurs o‘zbek o‘qituvchilarining muloqot, yozish, tinglash va ingliz tilini o‘rgatish ko‘nikmalarini oshirishga yordam beradi.

Dastur 19-iyundan 8-iyulga qadar davom etadi, bunda Nukus, Navoiy, Zarafshon, Shahrisabz, Denov, Jizzax, Guliston, Angren, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlaridagi o‘qituvchilar malaka oshiradi. Mutaxassislar 30 nafar mahalliy o‘qituvchi bilan birga saboq beradi.

ESN: ESET dasturi English-Speaking Nation: Secondary Teacher Training Program (ESN: STT) dasturining bir qismi bo‘lib, bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonda o‘qituvchilarning ingliz tilini bilish darajasini oshirish va ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha umummilliy tashabbus hisoblanadi. Dastur 3 yil davomida O‘zbekistondagi 15 000 nafar ingliz tili o‘qituvchisi uchun mo‘ljallangan, 2020-yildan start olgan.

English Speaking Nation dasturi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi va O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘rtasidagi ta’limni isloh qilish bo‘yicha hamkorlik sanaladi. Dasturning amalga oshiruvchi hamkori xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari NNT hisoblanadi.