Senatning 22-iyun kungi qirq ikkinchi yalpi majlisida Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari haqida gapirdi.

Senatorning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda suv sohasida hal qilinishi zarur bo‘lgan qator muammolar haligacha saqlanib qolmoqda.

“Xususan, mamlakatimizda olinadigan chuchuk suvning qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligida foydalaniladi. Dunyoda ushbu ko‘rsatkich o‘rtacha 65 foizni tashkil etadi. Qishloq xo‘jaligida har bir gektarga suv sarfi esa ayrim davlatlarga nisbatan 2−2,5 barobar ko‘p. Ekin maydonlariga suv yetkazib berishda sezilarli yo‘qotishlar bor. Irrigatsiya tizimlarida nosozliklar mavjud. Bundan tashqari, yerosti suvlarining hajmi va sifati ham tobora pasayib bormoqda. Iqtisodiy tarmoqlar, ijtimoiy obyektlar, hatto ayrim holatlarda agrar sohada ham suvdan foydalanishning eskirgan usul va vositalari qo‘llanmoqda”, — dedi Boriy Alixonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda suvni boshqarish, foydalanish, yuritish hamda suv xo‘jaligi obyektlari to‘liq raqamlashtirilmagan. Ichimlik suvidan boshqa: transport vositalarini yuvish, sug‘orish, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda foydalanish avj olgan.

“Shuningdek, suvdan foydalanish madaniyati ham yetarli darajada emas. Suvni asrash va undan oqilona foydalanish borasida targ‘ibot-tashviqot ishlari sustligi sababli jon boshiga suv sarfi miqdori yuqoriligicha qolmoqda. Misol uchun, Toshkent shahrida ayrim paytlarda suv sarfi aholi jon boshiga sutkasiga 400 litrgachani tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Berlin bo‘yicha 124 litr, Moskvada 249 litr, Xitoy shaharlarida esa aholi jon boshiga o‘rtacha suv iste’moli 204 litrni tashkil qiladi, xolos”, — dedi qo‘mita raisi.

Senatorning qo‘shimcha qilishicha, yerosti va yerusti suvlarining to‘laqonli kadastri mavjud emas. Faqat suv omborlarining kadastri bor.

“Shaharlar va ayrim yirik sanoat korxonalarining tozalagich inshootlari suvni sifatli tozalash texnologiyalariga ega emas. Bozorlar, ko‘chalar, xizmat ko‘rsatish maskanlari va boshqa aholi gavjum joylarda o‘rnatilgan suv tarmoqlari nuqtalarida elementar qoidalarga amal qilinmagan. Mas’ullarning e’tiborsizligi va mas’uliyatsizligi tufayli suvning behuda isrof bo‘lishi holatlari kuzatilmoqda”, — dedi u.

Boriy Alixonov yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, hukumat va mas’ul vazirliklar birgalikda kompleks tadbirlarni amalga oshirishi zarurligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev Qonunchilik palatasi oldidagi hisobotida vazirlik suvni sarflash madaniyati, uni o‘lchash va yetkazib berish bo‘yicha keskin takliflar tayyorlayotganini ma’lum qilgandi. Takliflar 2024-yilning budjet loyihasida ko‘rsatiladi.