21-iyun kuni Toshkent shahrining Yangihayot tumanida quruvchi 12 qavatdan qulab, halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati.

1989-yilda Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida tug‘ilgan fuqaro “G‘ayrat Inshoat” MCHJ qurilish firmasida ishchi sifatida ishlab kelgan. O‘sha kuni soat 03:30 atrofida tumanning “Xushnud” mahallasi 13-uy yonidagi qurilishi tugallanmagan binoning 12-qavatida lift shaxtasiga beton quyish ishida ishtirok etgan.

Biroq beton qolipini shaxtadan ajratib olish jarayonida qolip ko‘tarma kranga ilinmagani oqibatida pastga qulab, hodisa joyida vafot etgan.

Holat bo‘yicha Yangihayot tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.