18-iyun kuni Ostonaning Do‘stlik ko‘chasida joylashgan Kaspi bank filialida noma’lum qurollangan shaxs bir necha kishini garovga oldi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirliginining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, erkak yetti kishini garovga olgan. Bank ma’muriyatining aniqlik kiritishicha, ularning barchasi bank xodimlari bo‘lgan, filialda mijozlar bo‘lmagan.

Politsiya erkak bilan muzokara olib borgan. Qumash nashrining yozishicha, bosqinchi bankning barcha aktivlarini nogiron bolalar, kambag‘allar va muhtojlar fondiga o‘tkazishni talab qilgan. U o‘z talablarini bajarish uchun uch soat vaqt bergan, aks holda garovga olinganlarni o‘ldirish bilan tahdid qilgan.

Oradan vaqt o‘tib, politsiya bosqinchini hujum paytida qo‘lga olgani ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, barcha garovga olinganlar ozod qilingan va ularning hech biri jabrlanmagan.