Toshkent IIBBda qiynoqqa solingan tadbirkor Dilshod To‘raxo‘jayev O‘zbekiston prezidentiga murojaat yo‘lladi. Bu haqda uning advokati Nurullo To‘laganov jamoatchilikka ma’lum qildi.

Maktubda tadbirkorning sog‘lig‘i yomon ekanligi, unga malakali shifokorlar yordami zarurligi hamda MRT va UZI tekshiruvlaridan o‘tkazilishi kerakligi bayon etilgan.

Ombudsman axborot xizmatiga ko‘ra, tadbirkorning prezidentga yo‘llagan murojaati uning advokati tomonidan o‘qib eshittirilganidan keyin, 15-iyun kuni Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari a’zolari 1-son Tergov hibsxonasiga tashrif buyurib, Dilshod To‘raxo‘jayev bilan uchrashdi va alohida suhbat o‘tkazildi.

“D.To‘raxo‘jayev 1-son Tergov hibsxonasi xodimlari va sharoitdan shikoyati yo‘qligi, faqat to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmaganligi, unga nisbatan qiynoq qo‘llanilgani bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari cho‘zilayotganligi va uni qiynoqqa solgan xodimlarga nisbatan chora ko‘rilmayotganidan shikoyat qildi”, — deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, Ombudsman tomonidan Dilshod To‘raxo‘jayevga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi va tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishini tashkillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Shuningdek, uning shikoyati bo‘yicha Bosh prokuraturaga Ombudsmanning nazorat xati ham chiqarilgan.

Foto: ombudsman Foto: ombudsman

Nima bo‘lgan edi?

2023-yil 1-may kuni O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati matbuot xizmati Dilshodjon To‘raxo‘jayev Toshkent shahar IIBB tergov bo‘limida va Hasanboy Abdunabiyev “Toshturma”da qiynoqqa solingani haqida post e’lon qildi.

Qayd etilishicha, Namangan viloyati Pop tumani Chodak qishlog‘ida yashovchi Doniyor To‘raxo‘jayev bosqinchilikda gumonlangan 40 yashar ukasi Dilshodjonning 12−15-aprel kunlari Toshkent shahar IIBB tergov bo‘limida shafqatsiz qiynoqlarga solingani, og‘zi va qo‘llari skotch bilan bog‘lanib, noinsoniy qiynoqlarga solinganini iddao qilgan.

дилшод тўрахўжаев, иив, ombudsman, qiynoq

Foto: O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati

Shundan so‘ng, Ombudsman idorasi tadbirkorlar Dilshod To‘raxo‘jayev va Xasanboy Abdunabiyevning qiynoqqa solingani haqidagi xabarlarni alohida nazoratga olganini ma’lum qilgan edi. “O‘zbekiston inson qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurash yo‘lini tanlagan”, — deyilgandi bayonotda.

6-may kuni Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari vakillari qiynoqqa solingan tadbirkorlar Dilshod To‘raxo‘jayev va Hasanboy Abdunabiyev saqlanayotgan “Toshturma”ga bordi. O‘tkazilgan holi suhbatlarda ular ruhiy va jismoniy qiynoqlarga solinganini tasdiqlab, bunga asosli dalillar borligini aytishgandi.

Dilshod To‘raxo‘jayev kim?

Dilshod To‘raxo‘jayev O‘zbekistonda tug‘ilgan, lekin Rossiya fuqarosi. U 3-fevral kuni UzReport TV telekanaliga bergan intervyusida 20 yil Rossiyada (2000−2020-yillar) yashagani, biroq prezident Shavkat Mirziyoyevning xorijdagi vatandoshlarga chaqiruv nutqlari ortidan mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shish uchun vataniga qaytishga qaror qilganini aytadi.

Tadbirkor Namangan viloyati Pop tumani Chodak qishlog‘ida kuniga 2 ming nafargacha sayyohni qabul qila oladigan “Aparat Hotel Kosmos” sayyohlik inshooti va dam olish maskani qurilishiga 25 mlrd so‘m sarmoya kiritgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha 75 kishini ish bilan ta’minlash imkonini beradi.

To‘raxo‘jayev, shuningdek, 800 ta mehmon uyi qurilishi haqida e’lon qildi, ulardan 10 tasi foydalanishga topshirilgan, qolganlari esa 2025-yilning uchinchi choragida yakunlanishi rejalashtirilgandi.

“Prezidentimiz yurtdoshlarimiz va salohiyatli tadbirkorlarning o‘z vataniga qaytishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratdi. Ana shunday yaratilgan imkoniyatlardan kuch olaman. Biz bundan keyin ham to‘xtab qolmaymiz va ishlashda davom etamiz”, — degandi u intervyuda.

Prezident tadbirkorning loyihasi haqida ham gapirgan, “O‘zbekiston 24” telekanali esa maxsus reportaj tayyorlagan.

IIV munosabati

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati matbuot xizmatining postidan keyin IIV matbuot xizmati munosabat bildirdi.

IIV xabarida qayd etilishicha, 2023-yilning 12-aprel kuni IIV Tezkor qidiruv departamenti Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Toshkent shahar IIBB, Namangan viloyati IIB hamda DXX xodimlari tomonidan Toshkent shahri va Namangan viloyati hududlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar jarayonida bir necha oylar davomida “tadbirkorlarga nisbatan tovlamachilik qilib, ularni qo‘rquv ostida ushlab kelayotgan yirik uyushgan jinoiy guruh”ning 10 nafar a’zosi qo‘lga olingan.

“Guruh a’zolarining ilgari og‘ir turdagi jinoyatlar bilan bir necha marotaba sudlanganliklari hamda nihoyatda tajovuzkor ekanliklari inobatga olinib, ichki ishlar organlarining maxsus kuchlari jalb etilgan holda qo‘lga olinganlar va zararsizlantirilganlar. Gumondorlarning yonidan oldidan maxsus tayyorlangan 2 dona o‘tkir tig‘li jism, bir nechta skotch, Ichki ishlar organlari xodimlarining dala formalari, rezina qo‘lqoplar, 0,7 gramm „opiy“ giyohvandlik moddasi, tramadol tabletkasi va sport sumkasi daliliy ashyo sifatida olingan”, — deyilgandi IIV xabarida.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondorlarni boshqa bir qator og‘ir jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda. Barchasi o‘rnatilgan tartibda himoya bilan ta’minlangani ta’kidlangan.

“Shuningdek, 6-aprel kuni Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi hamda DXX tomonidan Toshkent shahri hududida kuchli ta’sir qiluvchi zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda egallagan fuqaro X.A. qo‘lga olish jarayonida qattiq qarshilik ko‘rsatganligi sababli, maxsus xizmatlar tomonidan jismoniy kuch ishlatilib qo‘lga olingan”, — deya qayd etilgan edi xabarda.

Ta’kidlanishicha, hozirda gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-prim 1 moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, boshqa og‘ir turdagi jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. Gumonlanuvchi protsessual tartibda himoya bilan ta’minlangan.

IIV gumonlanuvchining tanasidagi jarohat izlariga quyidagicha munosabat bildirgandi:

“Shu bilan birga, yuqorida bayon etilgan jinoyat ishlari bo‘yicha gumondorlarning ayrimlari muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanib kelganliklari, ilgari ko‘chada turli mushtlashuvlarda qatnashganliklari aniqlangan bo‘lib, hozirda uchinchi shaxslar orqali ilgari mavjud bo‘lgan jarohatlarini pesh qilgan holda, ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan ishonchsizlik va nosog‘lom shov-shuv uyg‘otish maqsadi ko‘zlanayotganligi haqida ma’lumotlar mavjud”.

IIV har bir holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgandi.