14-iyun kuni Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida 43 bosh bo‘z echkemarni o‘ldirgan fuqaro aniqlandi, deya xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.

Nazorat tadbirida tumanning “Kasbi” mahallada yashovchi fuqaro M.I. xonadonida O‘zbekiston Qizil kitobi hamda CITES konvensiyasining 1-ilovasiga kiritilgan bo‘z echkemarlarni tutqunlikda saqlab, ularni nobud qilayotgani aniqlandi.

Xususan, 20 ta echkemarning tutqunlikda saqlanayotgani va 43 ta echkemar esa o‘ldirilib, terisi shilib olingani ma’lum bo‘ldi. Tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, fuqaro M.I.dan 20 ta tirik echkemar va 43 ta echkemarning terisi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Holat bo‘yicha qator qonun talablariga asosan fuqaroga hayvonot dunyosiga yetkazilgan jami 311 850 000 so‘m zarar hisoblanib, hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi.

Tirik qolgan 20 ta bo‘z echkemar esa o‘zining yashash muhiti bo‘lgan Muborak tumanidagi cho‘l hududlariga qo‘yib yuborildi.